Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali tomonidan Marg‘ilon shahridagi Raqamli texnologiyalar markazida “Davlat xizmatiga korrupsiyasiz yo‘l” shiori ostida yosh davlat fuqarolik xizmatchilari hamda faol yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. bugungi kunda bilimli, tashabbuskor va salohiyatli yosh mutaxassislarni tayyorlashga muhim e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, ular orasida fuqarolik davlat xizmatida ishlash istagidagilar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Xususan, o‘zining shaxsiy fikri, prinsiplari va sohaga yangicha yondashuvi bo‘lgan yosh rahbar kadrlarni mas’uliyatli lavozimlarga tayinlanayotgani ham yoshlarga bo‘lgan ishonchdan dalolatdir.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri – kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Ushbu tizim asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Farg‘ona viloyatida yoshlar bilan tashkil etilgan mazkur tadbir ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali rahbari S.Islomov, Yoshlar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M. G‘aniyevlar 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshiriladigan muhim vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining yagona ochiq portali orqali mavjud bo‘sh (vakant) lavozimlarga ochiq, shaffof tanlov orqali ishga kirish, lavozim pog‘onalarida o‘sish imkoniyati tushuntirib berildi. Yosh kadrlarni davlat fuqarolik xizmatidagi bilim darajalarini aniqlash va ularni baholash bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi. Bunday amaliy jarayon ularni o‘z ustida ishlashga undaydi, albatta.

– Viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlardagi vakant lavozimlarga meritokratiya tamoyili asosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona viloyati filiali rahbari o‘rinbosari Ahadjon Akbarov. – Bunda inson omili kamaygan bo‘lib, axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Ishga qabul qilishda tanish-bilishchilik endi o‘tmaydi. Ayni kunlarda 31 yoshgacha bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchilarini yagona milliy bazasini shakllantirish, ularni doimiy ravishda malakasini oshirish hamda bosqichma-bosqich lavozimlarini o‘stirish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Bundan tashqari, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatimizda istiqbolli kadrlar zaxirasi sekleksiyasi yaratish bo‘yicha Farg‘ona tajribasi yaratiladi. “Yosh liderlar maktabi” ni 19 ta tuman-shaharlarda har chorakda yosh liderlar “TOR-100” lik reytingi e’lon qilib boriladi.

Tadbirda yosh kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish, korrupsiyaga murosasizlik kabi masalalar borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

M.SULAYMONOV, M. QODIROV (surat), O‘zA