Mamlakatimiz keyingi yillarda ulkan qurilish poligoniga aylandi. Bunyodkorlik ishlari nafaqat yirik shaharlarimiz, balki uzoq qishlog‘u ovullarda ham davom etmoqda. Qayerga qaramang, o‘zgarishlar, yangiliklar kuzatilmoqda. Bu esa asosiy qurilish materiali hisoblangan sementga bo‘lgan talabning ortishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan sanoat korxonalarida yil sayin ishlab chiqarish hajmi oshirib borilmoqda.

Xo‘sh, uyushma tizimidagi korxonalar 2020 yilda qancha sement ishlab chiqardi?

Bu haqda O‘zAga “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati quyidagi ma’lumotni taqdim qildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda korxonalar tomonidan 12 million 537 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p sement ishlab chiqarish “Qizilqumsement” AJ hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yil davomida korxonada 3 million 615 ming tonna mahsulot mijozlarga yetkazilgan.

“Ohangaronsement” AJda ham bu borada yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Aksiyadorlik jamiyati tomonidan 1 million 612 ming tonna sement tayyorlangan. Toshkent viloyatida joylashgan yana bir yirik sement zavodi “Bekobodsement” AJ ham ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

Korxonada 2020 yilda 1 million 149 ming tonna sement aholiga yetkazib berilgan. «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJga qarashli Sherobod sement va Jizzax sement zavodlari tomonidan jami 2 million 99 ming tonna sement ishlab chiqarilgan. “Quvasoysement” AJda esa yil davomida 860 ming tonna sement tayyorlangan.

Bundan tashqari, “Qoraqalpoqsement” MCHJ QK (280 ming tonna), “Surxonsementinvest” MCHJ (168 ming tonna), “Farg‘onatsement” MCHJ QK (133 ming tonna), “Turon Eko Sement Grupp” MCHJ (126 ming tonna), “Jomboy Yashil Chiroklari” MCHJ (73 ming tonna), “Sho‘rsuv Sement” MCHJ (52 ming tonna), “Marokand Kabel Invest” MCHJ (31 ming tonna) tomonidan sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

 

O‘zA