O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Germaniya Federativ Respublikasi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri Yuliya Klyoknerning taklifi bilan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha XIII Global forumda (GFFA) ishtirok etdi.
Forum 2021 yil 18-22 yanvar kunlari oziq-ovqat, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi yirik tadbirlardan biri – Berlindagi «Yashil hafta»xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilmoqda
GFFA qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha dunyoda yetakchi forum sifatida tan olingan. COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan tadbir birinchi marta virtual ko‘rinishda tashkil etildi. Bunda eng katta e’tibor to‘rtta asosiy masalalarga qaratildi:
1. Qanday qilib oziq-ovqat tizimlari COVID-19 pandemiyasidan so‘ng yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin?
2. Qanday qilib agrar sektor kelajakda pandemiyalarning oldini olishga xizmat qilishi mumkin?
3. Oziq-ovqat tizimlarining iqlim ta’siriga chidamliligini qanday oshirish mumkin?
4. Iqlimni muhofaza qilishda oziq-ovqat tizimlarining hissasini qanday oshirish mumkin?
2020 yil noyabr oyida Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha FAO Mintaqaviy anjumani raisi etib saylangan Jamshid Xo‘jayev 2021 yil 19 yanvar kuni FAO tomonidan tashkil etilgan yuqori darajadagi ekspertlar yig‘ilishi doirasida GFFA forumida so‘zga chiqdi.
Bosh mavzu: «Qanday qilib innovatsiyalar oziq-ovqat tizimlari barqarorligini mustahkamlashga va kelajakda pandemiyalarning oldini olishga yordam beradi?».
Yig‘ilishda FAO bosh direktori Syuy Dunyuy, Janubiy Afrika qishloq xo‘jaligi, yer islohoti va qishloq joylarini rivojlantirish vaziri Toko Didiza, Shveysariya Konfederatsiyasi qishloq xo‘jaligi federal boshqarmasi direktori Kristian Xofer, “Syngenta Group” bosh va ijrochi direktori Erik Firvald va GFR oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bevosita vaziri Yuliya Klyokner ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda pandemiya tufayli eng zaruriy mahsulotlar va oziq-ovqat mahsulotlarining yetkazib berilishidagi uzilishlar o‘zbek fermerlari va iste’molchilarining ayrim qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan foydalanishiga ta’sir ko‘rsatdi, masalan, kartoshka va o‘simlik moyi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi, shu sababli kelgusida importdan mustaqil bo‘lish uchun kartoshka va moyli o‘simliklarni joylashtirish hajmlarini qayta ko‘rib chiqmoqdamiz, – deya o‘z chiqishida ta’kidlab o‘tdi Jamshid Xo‘jayev. – Umuman olganda, pandemiya davrida aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha bir qator yangi tashabbuslar joriy etildi va yo‘qotilgan daromadlarni qisman qoplash uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash dasturlari kengaytirildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar iste’mol narxlarini barqarorlashtirishga, birinchi navbatda milliy strategik oziq-ovqat zaxirasi hisobiga, shuningdek, chegaralardagi «yashil yo‘laklarni» takomillashtirishga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdogarlari uchun ma’muriy protseduralarni soddalashtirishga qaratilgan edi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari importining ba’zi tariflari pasaytirildi va tegishli qishloq xo‘jaligi kreditlarini to‘lash uchun «to‘lov ta’tillari» joriy etildi.
Shuningdek, vazir J.Xo‘jayev qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari tizimlarini bosqichma-bosqich yangilashni qo‘llab-quvvatlash, bu sohada ta’lim va kasbiy tayyorgarlik salohiyatini kengaytirish, shuningdek, kelajakda fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga o‘z biznesini muvaffaqiyatli rivojlantirishga imkon beradigan samarali maslahat tarmog‘ini yaratish uchun katta mablag‘lar ajratgan mamlakat hukumatining sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘zA.