Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining xorijlik maslahatchisi Sodiq Badak (Turkiya) Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida bo‘lib, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashdi.

Ochiq muloqotda mazkur shahar va viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchilari, turfirmalar, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari vakillari hamda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.

– Dunyoda mavjud pandemiya holati yaqin vaqtlar ichida saqlanib turadi va jahon hamjamiyatining prognozlaridan kelib chiqib, 2021-2022 yillar ham turizm sohasi uchun sinovli davr bo‘lishi kutilmoqda, – deydi Sodiq Badak. – Ushbu vaziyatda dunyoning rivojlanayotgan davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham dunyo bo‘ylab turizm sohasidagi «turg‘unlik»dan foydalanib, o‘zlarining turizm infratuzilmalarini talab darajasida yaxshilash va rivojlantirish imkoniyatiga ega. Shu o‘rinda, O‘zbekiston hukumati tomonidan murakkab pandemiya sharoitida turizm sohasini barqaror holatda ushlab turish va kelgusida uni kompleks rivojlantirish uchun «O‘zbekiston turizm – 2035» maxsus strategiyasi ishlab chiqilib, bu borada zarur ishlar olib borilayotganini alohida ta’kidlash zarur.

 

O‘zA