O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Jizzax viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari dastlab Markaziy harbiy okrugning artilleriya brigadasini borib ko‘rdi.
Mazkur harbiy qismda katta hajmdagi qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, barcha zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
– Asosiy maqsadimiz – xalq bilan armiya birdamligi. Harbiy qismlar eshiklari el uchun ochiq bo‘lishi kerak. Milliy armiyamizning nuri, ma’naviyati hammaga yetib borishi zarur. Yoshlarni bu yerga olib kelib ko‘rsatish, o‘rgatish kerak. Bu ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz tarixi va qudrati haqida bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. Bundan ota-onalar ham xursand bo‘ladi, – dedi Prezident.
O‘quv binosi eng ilg‘or harbiy tayyorgarlik talablariga mos jihozlangan. O‘quv trenajyorlari jangovar vaziyatga maksimal yaqinlashtirilgan.
Davlatimiz rahbari askarlarning o‘quv mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdi. Harbiy bilim va ko‘nikmalarni maktab davridanoq to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, harbiy bilim yurtlari bilan harbiy okruglar o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bugun dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, jangovar tayyorgarlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish, xorij tajribasini o‘rganish, eng ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yotoqxonalarda harbiy xizmatchilarning yashashi, dam olishi, vaqtini mazmunli o‘tkazib, bilimlarini mustahkamlashi uchun barcha qulayliklar bor.
Harbiy qism oshxonasiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing tizimi joriy qilingan. Bu askarlarning hamma vaqti va kuch-g‘ayratini professional tayyorgarlikka qaratish imkonini bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev harbiy qismdagi tibbiyot punktini kirib ko‘rdi. Bu yerda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga malakali xizmat ko‘rsatilmoqda.
Prezidentimiz ushbu punktdagi uskuna va kadrlar salohiyatidan foydalanib, harbiy qism yaqinidagi Olmachi mahallasi aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xalq salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Mudofaa vazirligining zaxirasi sifatida har biri 500 o‘rinli ikkita mobil gospital tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “Forish” tog‘ poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2018 yil mart oyida mazkur hududda bo‘lib, bu yerni namunaviy poligonga aylantirish, yangi konsepsiya ishlab chiqib, mamlakatimizdagi barcha harbiy poligonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shular asosida ushbu maxsus o‘quv-sinov maydoni zamon talablariga moslashtirildi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratildi.
Buning natijasini baza infratuzilmasi yangilanganidan so‘ng, bu yerda 2019 va 2020 yillarda o‘tkazilgan Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelayotganida ham ko‘rish mumkin.
Poligon hududida qurilgan ob’ektlar haqida dastlab joy maketi orqali ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari harbiylar yotoqxonasi, suzish havzasi, sport zalidagi sharoitlar bilan tanishdi. Markaziy va Sharqiy harbiy okruglarning regbi bo‘yicha terma jamoalari musobaqasini kuzatdi.
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni harbiy xizmatchilar bilan bir dasturxon atrofida samimiy suhbatlashdi. Iste’dodli askarlar baxshichilik san’atidan namunalar ijro etdi.
Davlatimiz rahbari «Forish» tog‘ poligonida qo‘shinlar ixtiyoridagi zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirdi.
Undan so‘ng Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarining shartli dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha jangovar mashg‘ulotlari, harbiy muhandislik amaliyotlari namoyish qilindi.
Harbiy uchuvchi, polkovnik Baxtiyor Otajonov o‘z boshqaruvidagi MIG-29 qiruvchi samolyotida yurtimiz havo hujumidan mudofaa salohiyatini namoyish qildi.
Bu kabi taktik mashg‘ulotlar harbiylarning jangovar tayyorgarligini oshirishda, ularning zamonaviy harbiy texnikalardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Shu yerda shaxsiy tarkib bilan muloqot bo‘ldi. Prezidentimiz keyingi yillarda harbiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida mustaqilligimiz, hududiy daxlsizligimizning ishonchli qalqoni bo‘lgan milliy armiyamiz yildan-yilga takomillashib, askar va ofitserlarning bilimi, kuch-qudrati va salohiyati oshib borayotganini ta’kidladi.
– Bu poligon xalqaro standartlarga mos bo‘lishi kerak. Askar va zobitlarni tayyorlash shunga muvofiq bo‘lishi zarur. Buning uchun sifat, jangovar mahoratga alohida e’tibor qaratish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari harbiylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
– Keyingi yillarda bayram arafasida uchrashish an’anaga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – bugungi Qurolli Kuchlarimiz besh yil oldingi armiya emas. Mudofaa doktrinamiz bo‘yicha qilingan ishlar natijasida milliy armiyamizning salohiyati har tomonlama oshdi. Erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan birga oldimizda ko‘p rejalar, vazifalar turibdi. Qo‘shinlarning jangovar holatini yanada mustahkamlashimiz kerak. Buning uchun bilim, tajriba, tayyorgarlik zarur.
Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.
Matnazar Elmurodov,
O‘zA muxbiri