Afg‘oniston Islom Respublikasi Jamoat salomatligini saqlash vazirligining mas’ul xodimlari va shifokorlaridan iborat delegatsiya yurtimizda bo‘lib turibdi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Afg‘oniston Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Elmiy va delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Muloqot davomida ta’kidlanganidek, 2017 yilning dekabr oyida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingandi.

Shuningdek, ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Afg‘oniston Jamoat salomatligini saqlash vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi ham imzolangandi.

2018 yilda davlatimiz tomonidan Afg‘oniston “Tez yordam” xizmati uchun 5,7 million AQSH dollari qiymatidagi 100 dan ortiq avtomobil yetkazib berildi. Shu yili Toshkent davlat stomatologiya instituti va Qobul tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi. Hozir afg‘onistonlik talabalar Toshkent davlat stomatologiya hamda Andijon davlat tibbiyot institutlarida tahsil olmoqda.

Shuningdek,  afg‘onistonlik shifokorlar Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmati tizimida malaka oshirmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasida ham qator hamkorlik dasturlari amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2019 yilda O‘zbek-afg‘on ishbilarmonlar forumi va seminari o‘tkazildi.

Afg‘onistonda O‘zbekistonning farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlari va tibbiy texnikasini eksport qilish  uchun O‘zbek-afg‘on savdo uyini ochish borasida ishlar olib borilmoqda. 2020 yil davomida yurtimizning farmatsevtika tarmog‘i korxonalari tomonidan 2,4 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar Afg‘onistonga eksport qilingan.

Muloqot davomida Ahmad Xolid Elmiy O‘zbekiston koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, uni davolash sohasida katta tajriba to‘plagani, ushbu tajribani o‘rganish va o‘z davlatida tatbiq qilish  afg‘onistonlik shifokorlarning oldida turgan muhim vazifalardan biri  ekanligini ta’kidladi.

Abduhakim Hojiboyev ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, rivojlantirish va zarur bo‘lgan amaliy ko‘makni berishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz: delegatsiyaning yurtimizga kelishidan maqsad koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, tarqalishining oldini olish, diagnostikasi va davolashning O‘zbekiston tajribasini  o‘rganish, “COVID-19”ni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha shifokorlarning amaliy ko‘nikmalari va malakasini oshirishdan iboratdir. O‘n kun davomida 20 nafar afg‘onistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya ular uchun maxsus tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadi.

O‘zA