Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev 5 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Komilov va Ruslan Kazakbayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokara chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, suv xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining joriy holati va munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.

Vazirlar ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibiga doir qator masalalarga alohida urg‘u berdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy sur’atini saqlab qolishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani e’tirof etildi.

Muloqot davomida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sirini imkon darajasida yumshatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish to‘g‘risida ham fikr almashildi.

TIV rahbarlari ikki tomonlama tadbirlarni davom ettirish, jumladan, O‘zbekiston – Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyasining va ikki mamlakat chegara oldi viloyatlari hokimlari, (vakolatli vakillari) kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

Oliy va yuqori darajadagi ilgari erishilgan kelishuvlarga sodiqlik tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev shu kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ham uchrashuv o‘tkazdi.

 

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA