Shvetsiya koronavirus pandemiyasi tugashi uchun zarur hisoblangan 60-70 foizlik immunli qatlamga ega birinchi mamlakat boʻlishi mumkin, deydi vrach-immunolog, xavfli infeksiyalar boʻyicha mutaxassis Vladislav Jemchugov RIA novostiga bergan intervyusida.
“Hamma oʻziga namuna qilib koʻrsatayotgan Shvetsiyada manzara oʻziga xos: virus erkinlikka qoʻyib yuborilgan. Umuman olganda, tezroq immun qatlamiga ega boʻlish uchun bu yaxshi albatta. Chunki epidemiyaning oʻzi toʻxtaydi. Ular epidemiyani toʻxtatib oʻtirmadi, oʻzlarining tibbiyotiga ishongan holda virus tarqalishini oʻz holiga qoʻyib berdi. Ular apparatlar ham, qayta jonlantirish xonalari ham, kislorod, dori-darmonlar ham yetarli ekaniga ishondi”, – dedi Jemchugov.
Hozir Shvetsiyada haqiqatan ham virus yuqtirganlar koʻp, biroq vafot etganlar oz.
“Mening fikrimcha, Shvetsiya 60-70 foizlik immun qatlamiga ega boʻlgan birinchi mamlakat boʻladi, hech kim kasal boʻlmay qoʻyadi, chunki hamma xastalanib boʻlgan boʻladi”, – deya taʼkidladi Jemchugov.
60-70 foizlik koʻrsatkich pandemiya tomom boʻlish uchun zarur boʻlgan koʻrsatkichdir, deydi u.

 

OʻzA