Yevropa Ittifoqi, Kanada, Yangi Zelandiya, Gollandiya, Rossiya va Ozarbayjonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yagona tashkilot faoliyat yuritadi. Ushbu tashkilotning asosiy vazifalariga oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, ularni ishlab chiqarishning barcha zanjirlarida sifat nazoratini oʻrnatish, veterinar va fitosanitar nazoratini huquqiy jihatdan tartibga solish, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish kabilar kiradi.
Bizda esa hozirga qadar oziq-ovqat xavfsizligini boshqarish tizimi yaxlit shakllanmagan hamda yagona muvofiqlashtiruvchi organ mavjud emas edi. Yagona oziq-ovqat xavfsizligi siyosatini amalga oshiradigan zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlar ham yetarli deb boʻlmaydi. Bu esa aholining oziq-ovqat xavfsizligiga xavf solmoqda va mahsulotlarni eksport qilishda muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa olinadigan daromadga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
– Hozirda yurtimizda oziq-ovqat sanoatida 12 mingdan ortiq turli mulkchilik shaklidagi korxonalar, jumladan 109 ta yirik korxona faoliyat yuritmoqda,- deydi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xodjayeva. – Misol uchun, 1900 ta meva- sabzavotni qayta ishlash va saqlash, 460 ta goʻsht va 800ta sutni qayta ishlash, 2100ta qandolat mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi korxonalar bor.
2019-yilda yalpi oziq-ovqat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 35,3 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilning 6 oyida 21,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu bilan sohaning sanoatdagi ulushi 16,7 foizni, yalpi milliy mahsulotdagi ulushi esa 4,6 foizni tashkil etdi.
Agarda qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini hisob-kitob qiladigan boʻlsak, oʻrtachadan ham past ekanini koʻrish mumkin. Raqamlarda haqiqiy ahvolni koʻrish osonroq. Meva va sabzavotlarni qayta ishlashda – 42 foiz, sutni qayta ishlashda – 45 foiz, goʻshtni qayta ishlashda – 55 foiz, un mahsulotlari ishlab chiqarishda – 55 foiz, yogʻ mahsulotlarida – 48 foiz quvvatlaridan foydalanilmoqda, xolos.
Yaratilgan imkoniyatlar berilayotgan imtiyozlarga qaramay koʻrsatkichlarning pastligining asosiy sababi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan qayta ishlash korxonalari oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻqligi, deb aytish mumkin. Shuningdek, ayrim korxonalarning 60-70 foiz uskuna va jihozlari maʼnan eskirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-sentyabrdagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻlaqonli taʼminlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari turlarini ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilashda qoʻl keladi.
Unga koʻra, Qishloq xoʻjaligi vazirligi negizida Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etilib, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalarida tadbirkorlik subyektlari uchun koʻmak mexanizmlari ishlab chiqadi. Bu esa sohada yechilmay turgan muammolarni aniqlash, shu asosida oziq-ovqat sanoati korxonalarining yaqin 5-10 yil ichida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqishni taʼminlaydi. Ana shunda Oʻzbekiston oʻzining sifatli mahsulotlari bilan jahon bozorida yana-da kengroq oʻrin egallashi, shubhasiz.
O’zA