Mahoratli pedagog

1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni 
 
Nukus shahridagi 32-umumtaʼlim maktabining biologiya fani oʻqituvchisi Roza Boynizova 25 yildan buyon taʼlim-tarbiya sohasida xizmat qilayotgan fidoyi pedagoglardan.
Muallima oʻz ustida doim izlanib, darslarni yangicha pedagogik usullar asosida samarali tashkil etadi. Yuqori sinf oʻquvchilari uchun biologiya va zoologiya fanlari darsliklarining tayyorlanish jarayoni va uning chop etilishida tajribali pedagoglar qatorida qatnashgan.
Shuningdek, u biologiya va zoologiya fanlari boʻyicha koʻplab ilmiy maqolalar, pedagoglar uchun metodik-uslubiy qoʻllanmalar muallifi hamdir. Muallimaning koʻplab oʻquvchilari fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvlarida yaxshi natija koʻrsatib kelayotgani ham uning kasbiy mahoratidan darak.
Ayni pandemiya davrida Roza Boyniyozova Qoraqalpogʻiston telekanali orqali oʻquvchilar uchun qoraqalpoq tilida efirga uzatilayotgan onlayn televizion darslarni tayyorlashda faol qatnashmoqda.
Pedagogning koʻp yillik fidokorona mehnatlari munosib baholanib, u “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. 2011-yil oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichida sovrinli oʻringa sazovor boʻlgan.

 

Maqsad HABIBULLAYEV, OʻzA