Oliy minbarda mamlakatlar manfaati

Tarixdan maʼlumki, turli zamon va makonlarda dunyoni oʻzgartiradigan nutqlar boʻlgan. Ular kichik doirada emas, balki yuksak minbarlardan olam ahliga qaratilgani bilan ajralib turadi. Buning boisi irod etilgan nutq oʻzining mazmun mohiyati va koʻtarilgan muammolarda muayyan hududning emas, balki dunyo xalqlari taqdiriga daxldor masalalarning koʻndalang qoʻyilishi va uning yechimiga doir qatʼiy talab va tavsiyalarning eʼtirof etilishi bilan izohlanadi.

Xuddi shundagina u tarixiy nutq maqomini olishi muqarrardir. Oʻshandagina dunyo davlatlari va hukumat rahbarlarining nigohi unga qaratilgan boʻladi.

Shubhasizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning 75 – yubiley sessiyasidagi maʼruzasi ana shunday nutqlar sirasiga kiradi. Mohiyat eʼtibori bilan u ikkita asosga ega boʻldi. Birinchidan, bugungi kunda dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgan muhim va muqim muammolarning eʼtirofi boʻlsa, ikkinchidan, xuddi shu masalalarning dunyo ahliga, xalqaro hamjamiyat, hukumat doiralari eʼtiboriga xalqimizning borligʻi va boyligi boʻlgan davlat tilida, yaʼni oʻzbek tilida havola qilinganidir. Oliy minbardan oʻzingiz tugʻilib oʻsgan vatanning tili yangrasa, oʻylaymizki, fuqarolik burchini anglagan, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi boʻlgan har bir inson qalbiga gʻurur baxsh etishi tayin.

Prezident nutqini butun jahon ahli qatorida xalqimizning ham hayajon va ayricha intiqlik bilan kutgani va tinglaganining boisi bor, albatta. Bu hayot, vatan taqdirigagina emas, balki sayyoramiz, yer aholisining qismati bilan bogʻliq muammolarning koʻtarilganidir. Har bir davlatning qudrati oʻz xalqining barcha ehtiyojlarini qondirishi bilan izohlanishi aniq. Chunki davlat va xalq birligisiz vatan qudrati va boyligini tasavvur etish qiyin. Ayniqsa, ijtimoiy va tabiiy ofatlar xalqlar boshiga kulfat keltirgan tahlikali va sinovli damlarda bahamjihat oqilona siyosat yuritish taklifi uzoqni koʻzlagan rahbarlarga xos boʻladi. Pandemiya pand berishi bilan birga dunyo ahlining irodasini ham sinagani rost. Prezidentimiz oʻz nutqlari debochasida Covid-19 global halokati insoniyatning zaif jihatlarini koʻrsatganini, bu esa barcha davlat va xalqlar taqdirining oʻzaro bogʻliq ekanini, orada muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik muhimligini, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish lozimligini taʼkidlab oʻtdilar.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida BMT shafeligida pandemiya davrida Davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etishlari bejiz emas. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligining uqtirishlari oʻrinli boʻldi. Bu fikrga birdan kelinmagani, buning uchun vaqt va hayotiy tajriba, malaka va donishmandona harakat, ilmu amal birligi zamin boʻlgani rost.

Uch yil muqaddam tashlangan qadam

Faoliyatning ikki qanoti bor, bu tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Qolaversa, shu orqali taraqqiyotga zamin hozirlanadi. Bu esa soʻz va amalning birligi, qonun va islohotlarning bekamu koʻst ijrosi bilan izohlanadi. Bu borada Prezidentimiz ibrat va oʻrnak boʻlganiga shubha yoʻq.

Buni 2017-yil sentyabrida, BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar misolida ham koʻrish mumkin.

Barqaror taraqqiyot va tinchlikka xavf soluvchi har qanday kuchlarga qarshi hamjihatlikdagi harakat muhimligini Prezidentimiz uch yil oldin taʼkidlagan edilar. Afgʻoniston misolida bu masalaning muhimligiga jahon hukumat doiralarining eʼtiborini jalb etgan edilar. Tinchlikka erishishning yagona yoʻli sifatida markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar oʻrtasida oldindan hech qanday shart qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish lozimligini eʼtirof etgan edilar. Bu borada qator amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgani eʼtiborga molik. Ayniqsa, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan harakatlar misolida 2018-yil 28-mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi oʻtkazilganini ham misol sifatida aytish mumkin. Shuningdek, 2018-yil aprel oyida Afgʻoniston boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi Bosh assambleyaning 72-sessiyasi va BMT xavfsizlik kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgani ham muhimdir. Ayni paytda Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻanining ushbu fikrlari ham amalga oshirilayotgan ishlarning har tomonlama manfaatli ekaniga iqrorligini ifoda etadi: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ikki yil avval oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi muhim voqea. Afgʻoniston muammosini tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha siyosiy jarayonni boshlash manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi muloqotning oʻzaro maqbul shakllari va mexanizmlarini izlash jarayonida ”boshlangʻich nuqta“ boʻldi”.

2017-yilning noyabrida Termizda Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi ochilgani, Qobul-Toshkent-Qobul yoʻnalishi boʻylab toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilgani, 2018-yil oktyabrda Termizda Afgʻonistonning Bosh konsulxonasi ochilganini, 2019-yil iyulda ikki mamlakat tarixida Oʻzbekiston Bosh vazirining Mozori sharifga ilk tashrifi amalga oshgani, Oʻzbekiston Surxon-Puli-Humri elektr uzatish liniyasini qurish boʻyicha loyiha amalga oshirilayotganini, pandemiya davrida Oʻzbek-Afgʻon chegarasi orqali Afgʻoniston hududida turli yuklar muntazam yetkazilayotgani, koronavirus pandemiyasi sababli Oʻzbekiston Afgʻonistonga bir necha bor oziq-ovqat, kundalik zaruriy mahsulotlar dori-darmonlardan iborat insonparvarlik yordami joʻnatayotganini, 2020-yil avgustda Toshkentda Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berish boʻyicha 10 yillik shartnoma imzolangani hamda Oʻzbekiston-Mozori sharif-Qobul temir yoʻl liniyalarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga kirishilgani kabilarni tashabbus va tashkilotchilikning yorqin namunasi sifatida sanash mumkin.

Jahonshumul ekologik masalaga aylangan Orol muammosi haqida toʻxtalganlarida maxsus xaritani namoyish etish orqali oʻz fikr va takliflarini bildirgan edilar. Xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirish dengizning qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish borasidagi muhim qadam boʻlishini qayd etgandilar. Prezidentning shu kabi taklif va mulohazalaridan soʻng bir qator ijobiy harakatlar sezildi. 2018-yil 27-noyabrda Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi tashkil etilgani buning yaqqol misolidir. Orolboʻyi inqirozidan jabr tortgan aholiga yordam koʻrsatish bobida ham Oʻzbekiston ibrat namunasini koʻrsatgani rost. Oʻzbekiston hukumati 2019-2020-yillarda Trast jamgʻarmasiga hissa qoʻshishi rejalashtirilgan olti yarim million dollardan uch yarim millionini oʻtkazgani, shuningdek, Yevropa ittifoqi, Norvegiya, Finlyandiya, Koreya respublikalarining ham oʻziga xos hissalari borligini taʼkidlash kerak. Bu borada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “Orol boʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast jamgʻarmasi mahalliy aholining turmush sharoitlarini sezilarli darajada yaxshilashga va barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirishga sezilarli hissa qoʻshadi. Trast jamgʻarmasi qoʻllab-quvvatlaydigan dasturlar allaqachon mintaqada yangi ish oʻrinlarini yaratishga yordam beradi, ularning 45 foizini ayollar tashkil etadi” – deya minnatdorchilik bildirgani ham eʼtiborlidir. 28 ta mamlakatdan 250 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan, 2019-yil 24-25-oktyabr kunlari Nukusda “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi”, deb eʼlon qilish boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ham oʻtkazilganini eʼtirof etish oʻrinlidir. “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisida Oʻzbekistonning taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Bu esa davlatimiz rahbarining qatʼiy ishonchi va uzoqni koʻra bilish salohiyatining nishonasidir.

Prezidentimiz uch yil muqaddam ana shu yuksak minbardan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish muhimligini taʼkidlagandi.

Davlat rahbari sessiyada BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqqandi. Hujjatning asosiy maqsadi — barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat.

2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini targʻib qilish, bagʻrikenglik va vijdon erkinligini taʼminlash maqsadida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu ham xalqi nomidan soʻzlagan Prezidentga ishonchning belgisi. Prezident taklifi asosidagi ushbu rezolyutsiyani BMTga aʼzo davlatlar bir ovozdan maʼqulladi. Hujjatda maʼrifat, tinchlik, inson huquqlari, bagʻrikenglik va doʻstlikni targʻib qilishning muhim roli taʼkidlangan. Dinlararo, madaniyatlararo, konfessiyalararo totuvlikni rivojlantirishga va shaxslarga nisbatan din yoki eʼtiqod asosida kamsitishlarga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar mamnuniyat bilan qabul qilingan.

Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi takliflar ham reallashgani aniq. Oʻzbekiston Prezidenti oʻsha nutqida “Oʻzbekiston bugungi kunda oʻzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda”, — deya taʼkidlagan edi. 2017-yil 10-11-noyabr kunlari Samarqandda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi, 2018-yil 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining qabul qilinishi, Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyoning qoʻshni davlatlari bilan birgalikda ishlab chiqqan loyihasini BMT tarkibidagi davlatlarning barchasi bir ovozdan maʼqullashi Oʻzbekiston xalqi va rahbariga boʻlgan xayrixohlikning namunasi ekani ayon.

Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya eng muhim masalalardan biri. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olish ahamiyatini eʼtirof etgandilar. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi mamlakatlar manfaati va kelajagi uchun qaygʻurish edi. Bu borada bir necha bosqichli amaliy harakatlar boshlab yuborildi.

Bir qator davlat organlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi va yoshlar NNT tashkilotlari, inson huquqlari sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgani, ishchi guruh xalqaro va mintaqaviy tajribalarni 50 dan ortiq davlatlarning yoshlar huquqlari boʻyicha milliy qonunchiligini oʻrganib chiqqani, oʻrganishlar natijasi boʻyicha Konvensiya loyihasi va unga hamroh materiallar toʻplami ishlab chiqilib, ular xalqaro hamjamiyat, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining keng muhokamasiga taqdim etilgani, Konvensiya loyihasi 40dan ortiq xalqaro forumlar va ekspertlar hamjamiyati yigʻilishlarida hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilingani eʼtiborlidir. Shuningdek, Konvensiya loyihasini muhokama qilish milliy darajalarda tashkil etilib, hujjat Oliy majlis huzuridagi Yoshlar parlamentlari tomonidan koʻrib chiqilgani, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya loyihasi videokonferensaloqa orqali 2020-yil 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtgan inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Samarqand veb-forumi davomida muhokama qilingani diqqatga sazovor.

Bu saʼyi harakatlar faoliyat davomida soʻz va ish birligini namoyon etibgina qolmay, balki jahon afkor ommasi va hukumat doiralarining tinchliksevarlik siyosati, madaniyati, diniy-maʼrifiy ong-u tafakkuri, istiqbol mezoni boʻlgan yoshlarga boʻlgan munosabatida hamkor va hamjihat boʻlishga, birgalikda ish tutishga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Shu bois Prezidentimiz BMTning 75-sessiyasidagi nutqida bugungi vaziyatga baho berish va mamlakatlar taqdiri, manfaatlari borasida yakdil maqsad sari qadam tashlashdagi komil ishonch hamda koʻngil toʻqligi, yuz yorugʻligi, dadillik, mulohazakorlik ruhini sezmaslik mumkin emas edi. Jahonning yuqori tashkilot va idora rahbarlari tomonidan tarixiy nutq sifatida eʼtirof etilgan bu chiqishda dunyo mamlakatlari manfaatiga daxldor mulohaza, taklif va tavsiyalar hech kimni befarq qoldirmadi. Dunyoni tashvishga soladigan tabiiy ofatlar-u ijtimoiy xavflar davlatimiz rahbari eʼtiboridan chetda qolmadi. Oʻzbekiston misolida aytilgan bu fikrlar barcha jahon ahlini ham tashvishga solmasdan qoʻymasligi ayon.

Jumladan, sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani, Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilgani, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgani mamlakatimizda inson huquqlari borasidagi demokratik tamoyillarning amaldagi ifodasi ekani aniq. Dunyoning juda koʻp mamlakatlarida ham muhim muammolardan sanalgan iqtisodiy islohotlar masalasini jadal rivojlantirish, ayniqsa oʻzining salbiy taʼsirini oʻtkazgan pandemiya sharoitida buning dolzarbligi eʼtirof etildi. Birinchi marta kambagʻallikni kamaytirish haqidagi qatʼiy qarorni ochiq eʼlon qilingani ham taʼkidlandi. Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish orqali erishayotganimiz roʻyi rost eʼtirof etildi. Shuningdek, mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishi, Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatayotgani eʼtiborga molik.

Davlatimiz rahbari nutqida bayon etilgan ushbu takliflar bamisoli nishonga tekkan oʻqdek mohiyatga ega boʻlib, dunyo ahlini hayratga soldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oldingi sessiyada koʻtarilgan masalalar borasida qatʼiy harakat va amaliy ishlar bir muncha reallashdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish boʻyicha taklif dadillik va oʻziga xos jurʼat bilan aytildi.

Shuningdek, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish zarurati bilan bildirgan takliflari ham mohiyat eʼtibori bilan dolzarb va muhim.

Ayniqsa, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash borasidagi daʼvat ham koʻpchilikka maʼqul keldi.

Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish ham kundalik masala sifatida koʻndalang turganini qayd etishlari ham oʻziga xos jasorat boʻldi.

Prezidentimiz nutqidagi mazkur takliflar ham BMTga aʼzo mamlakatlar hukumat doiralarining diqqatini tortdi. Qolaversa, bu nutqning eng muhim qismlari hamdir.

Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklif toʻla maʼqullandi. Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirishlari ham diqqatga sazovor boʻldi.

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish takliflari mohiyat eʼtibori bilan ahamiyatli boʻldi.

Ayniqsa, Prezidentimizning 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʻtkazishga Oʻzbekiston tayyorligini eʼlon qilishlarida nutqni ayricha zavq va diqqat bilan tinglayotgan ishtirokchilarning aksariyatida yurtimizga tashrif buyurish istagi paydo boʻlgan boʻlsa, ajab emas.

BMTga aʼzo 193 ta davlatdan faqat ayrimlarigina yaʼni, mavqei yuksak mamlakatlarning rahbarlari soʻzga chiqqani va ular orasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ham borligi barchamizda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotgani rost. Muhimi, maqolamiz avvalida taʼkidlaganimizdek, doimiy harakat va faoliyat mezoni boʻlgan tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan ajralib turadigan Prezidentimiz nutqidagi mamlakatlar manfaati, ularni oʻylantirayotgan muammolarga yechim borasidagi aniq taklif va tavsiyalar jahon afkor ommasining diqqat markazida boʻlgani va maʼqullangani bejiz emas. Ayni damda Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor va ishonchli, sadoqatli hamkor boʻla olishi mumkinligini jahon afkor ommasi, xalqaro hamjamiyat davlat rahbarining mulohazakorligi, oqilona va odilona siyosat yuritishidan his etdi, deyish mumkin. Uzoqni koʻzlovchi strateg sifatida notiqlik sanʼatining siyosiy-ijtimoiy, akademik notiqlik turlariga xos boʻlgan barcha talab va qoidalar ularning chiqishlarida toʻla namoyon boʻldi. Strategik maqsadni amalga oshiruvchi taktik vosita, taʼsirchan mexanizm bu oʻzbek tilida qilingan nutqning imkoniyatlaridir. Bugungi texnologiya qaysi tilda boʻlmasin, oltita dunyoviy tilga bir zumda oʻgirib yetkazish imkoniyatiga ega. Til taktikasi taraqqiyot strategiyasining taʼsirchan va innovatsion mexanizmi ekani Prezidentimiz nutqi misolida yana bir bor oʻz boʻyini koʻrsatdi.

Prezidentning jahonning Oliy minbaridan turib qilgan nutqi oʻzining kompozitsion qurilishi, masala va takliflarning qoʻyilishidagi mantiqiy izchillik, dolzarb muammolarning koʻtarilgani bilan xarakterlanadi. Koʻtarilgan muammo va takliflarni 16 daqiqaga joylashning oʻzi ham yetuk tajriba va mahorat belgisi.

Muhimi, Prezidentimiz oʻzbek tilida nutq irod qilar ekanlar, xalqimiz tabiatiga xos boʻlgan bagʻrikenglik va mehridaryolikni, vaʼdaga vafodorlik, oqibatlilik, doʻstona qadr-qimmat, hamjihatlik va adolatparvarlik xislatlarini namoyon etdilar. Notiq, nutq, mantiq tushunchalarining oʻzaro uygʻunligi, fikrni bayon etishdagi oʻktamlik va ishonch, ovoz tembridagi yoqimlilik, tafakkur ildamligi va surʼati, oʻzbek tili imkoniyatlaridan keng foydalanilgani, urgʻu, pauza va intonatsiya nutqqa koʻrk, ruh va mazmun baxsh etgani aniq. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 40 yildan beri taqdir taqozosi bilan Amerikada yashaydigan oʻzbek yigitining aytgan ushbu fikrlarida ham jon bor. “Prezidentning yuksak minbar orqali oʻzbek tilidagi jarangdor va ohangdor, yoqimli ovozi bizni ruhlantiribgina qolmay, balki, oʻzimiz tugʻilib oʻsgan yurtimizga bizni olib borib kelganday boʻldi. Shaxsan men ovoz ohangida kelajakka ishonchni, oʻzbekona nafas va oʻktamlikni sezdim. Qiziq jihati shundaki, oʻzbek tilini umuman bilmaydigan qoʻshnim ingliz fuqarosi ham men bilan birga nutqni diqqat bilan kuzatib oʻtirgach, “Bravo!” deya bosh barmogʻini tikka qildi. Soʻrasam, ovoz ohangi va tiniq talaffuzga mahliyo boʻlganini aytdi.”

Oʻzbekning oʻzligini oʻz ona tiliga boʻlgan mehridan izlash oʻrinli ekani isbotlandi. Davlatimiz rahbarining oʻz ona tilida soʻzlashlari dunyo xalqlari tasavvuri va tafakkurida mamlakatimiz mustaqilligini ich-ichidan tan olishi va qayta iqror boʻlishiga bois boʻldi. Turkiyada chop etiladigan “Jumhuriyat» gazetasi oʻzining 21-sentyabr sonida “Oʻzbek tili BMTda” sarlavhali maqolaning eʼlon qilishi ham xalqimiz va yurtboshimizga hurmati yana bir qadar oshganining kafolatidir. ”Prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning Bosh assambleyasida hamkorlik marralari, umidlari va mamlakatning tinchlikparvar maqsadlarini ilk bor Navoiy tilida dunyoga xitob qiladi”, – deyiladi oʻsha matbaa nashrida. Oʻzligimiz va soʻzligimizga eʼtiborimiz oʻzga xalqlarning ham xursandchiligiga sabab boʻldimi, demak, bu ular bilan turli sohalar boʻyicha munosabatlarimizga mustahkam ishonch koʻprigi oʻrnatildi deganidir.

Zeroki, Prezidentimizning millatimiz ruhi va koʻrki boʻlgan davlat tili haqidagi bir qadar islohotlari, oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga xizmat qilgani quvonarlidir. Oliy minbardan dunyo mamlakatlari va vatanimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holdagi nutqlari davlat tilining oʻrni borasida qilayotgan xayrli harakatlarining amaliy ifodasi boʻldi. Qolaversa, oʻzligini anglagan, jahonga yuz tutgan, jahon tanigan va tan olgan mamlakatimiz chinakam maʼnoda “Uchinchi renessans” davriga qutlugʻ qadamini qoʻyganining nishonasi ham bu.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini
mexanizatsiyalash muhandislari instituti 
matbuot xizmati rahbari

 

OʻzA