Ishchi guruh aʼzolari terimchilar huzurida

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh, Nukus, Xoʻjayli va Kegayli tumanlari fermer xoʻjaliklari paxta dalalarida boʻlib, karantin qoidalariga rioya etgan holda oʻrganish ishlarini olib bordi.
Taxiatosh nafaqat sanoati, balki, qishloq xoʻjaligi sohasi rivojlangan tumanlardan biridir. Mazkur tumanda hozirgi kunda 74 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib, ularning 30 foizdan ortigʻi qishloq joylarida yashaydi. Shu sababli, terimchilarning koʻpchiligi shahardan keladi. Tumandagi klaster tomonidan terimchilarga avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunga qadar tumanda 3 ming tonnadan ortiq paxta xom-ashyosi terib olindi.
Terimchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tumanda eng koʻp paxta teruvchilar oʻrtasida musobaqa tashkil etilgan. Gʻoliblarga televizor, mikrotoʻlqinli pech, suv isitgich va har bir ishtirokchiga paxta pullaridan tashqari 50 ming soʻmdan mukofot pullari topshirilmoqda. Hozirgi kunda ikkinchi terim davom etayotgan boʻlib, terimchilarga paxta xom-ashyosining har bir kilogrammi uchun 1400 soʻmdan, har besh kundan kechiktirmasdan pullari oʻz vaqtida toʻlab berilmoqda.Terimchilarning madaniy hordiq chiqarishi uchun tashabbuskor yoshlar tomonidan har kuni tushlik paytida konsert dasturlari tashkil etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Ishchi guruh vakillari tumandagi “Mustaqillik”, “Quvonch”, “Xudayberdi Rajapbay” fermer xoʻjaliklarining paxta dalalarida boʻlib, terimchilar bilan suhbatlashdi. Yigʻim-terim ishlari sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tashkil etilgani terimda ishtirok etayotganlar uchun munosib mehnat va dam olish sharoiti yaratilganiga guvoh boʻldi.
Azaliy dehqonlar yurti boʻlmish Nukus tumanida bu yilgi paxta terimida 1200 nafar uyushmagan aholi va Nukus shahridan 800 nafar terimchi ishtirok etmoqda. Tumanda paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 115 fermer xoʻjaligi boʻlib, ularda jami 24 otryad tashkil etilgan. Terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratilgan boʻlib, barcha ishlar sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tashkillashtirilgan. Terim pullari har besh kundan toʻlab berilmoqda.
–“Qutankoʻl” ovuli hududidagi “Ӱrazgul-Abat” fermer xoʻjaligi dalasida paxta teryapmiz, – deydi ilgʻor terimchilardan biri Bayramgul Gulmanova. – Hamma sharoitlar mavjud. Pullarimizni har besh kundan berib turishibdi. Kuniga 150-210 kilogrammgacha paxta teryapmiz. Pandemiya sharoitida bu biz uchun qoʻshimcha daromadi manbaiga aylandi.
Ishchi guruh aʼzolari shuningdek, tumanning “Aqmangʻit” ovulidagi “Risq Nasiba”, “Shӱrtanbay” ovulidagi “Maqsim ӱy” hamda “Qonis Botir” fermer xoʻjaliklarida paxta terayotgan terimchilar bilan suhbatlar olib bordi. Ilgʻor terimchilarga sovgʻalar topshirildi.
Xoʻjayli tumanidagi “Jangabay Jaulan”, “Bakiyev Oʻtkir”, “Djumash ota”, “Obodonlashtirish” va “Tangatarov Saxiy” fermer xoʻjaliklari dalalarida moʻl hosilni yigʻib-terib olish ishlari bilan band boʻlgan terimchilarga mehnat va dam olish uchun yaratilgan sharoitlar kӱzdan kechirildi. Bugungidek pandemiya davrida terim ishlarining sanitariya-epidemiologiya normalariga amal qilingan holda tashkil etilishi, terimchilar bilan mehnat shartnomalarning tuzilishi, terim pullarining oʻz vaqtida toʻlanishi hamda dala boshida issiq ovqat va ichimlik suvi bilan taʼminlanish holatlarini oʻrganildi.
Har kuni 110-130 kilogrammgacha paxta terib kelayotgan ilgʻor terimchilardan A.Jumambetova, A.Pirniyazova, S.Alimova, M.Turgʻanbayevlarga sovgʻalar topshirildi.
Ishchi guruh aʼzolari, shuningdek, Kegayli tumaniga ham tashrif buyurib, “Juzimbogʻ”, “Qumshungil”, “Dӱstlik”, “Qipchoq” ovul fuqarolar yigʻinlaridagi bir qator fermer xoʻjaliklarida boʻlib, terimchilar bilan suhbatlashdi.
– Terim pullaridan hech qanday muammo yoʻq. Har besh kunda olib turibmiz, – deydi terimchi Gulsanem Qabulova. – Mehnat shartnomalari tuzilgan. Har kuni 120-130 kilogrammgacha paxta teraman. Fermer dala boshida issiq ovqat va ichimlik suvlari bilan taʼminlab qoʻyibdi.
Tumandagi tashabbuskor, qobiliyatli yoshlar tomonidan dala boshida terimchilarga madaniy-koʻngilochar tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda. Ichshi guruh aʼzolari ilgʻor terimchilarga sovgʻalar topshirdi.
Oʻrganish ishlari Orolbӱyi tumanlari boʻylab davom etmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA