Oʻzbekistonda COVID-19ga qarshi vaksinalar klinik sinovini oʻtkazish taklif qilindi

Oʻzbekistonda Xitoy kompaniyalaridan COVID-19ga qarshi vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichini birgalikda amalga oshirish boʻyicha takliflar olindi.
Bugungi kunda dunyo boʻyicha koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani ishlab chiqish boʻyicha faol harakatlar olib borilmoqda. Hozir jahonda 25 ta vaksina klinik, 139 tasi esa klinikagacha boʻlgan sinovda boʻlib, dunyo boʻyicha Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9 ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari oʻtkazilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi taqdim qilgan maʼlumotlarga koʻra, Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalaridan vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichini Oʻzbekistonda birgalikda amalga oshirish boʻyicha takliflar olindi. Shu jumladan, yurtimizda Xitoyning “Sinopharm” kompaniyasining vakolatli korxonasi (“Yilin International Commerce” MCHJ) bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Zhifei Longcom” kompaniyasi bilan kelishuvlar imzolandi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilayotgan “Sputnik-V” vaksinasining 5 ming dozasini Oʻzbekiston Respublikasiga ajratish yuzasidan Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasiga murojaat qilindi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining “COVAX” (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qoʻshilgan. Agar vaksina muvaffaqqiyatli ishlab chiqilgan boʻlsa, “COVAX” mexanizmida ishtirok etadigan mamlakatlar aholisining yigirma foizini emlash uchun yetarli vaksina taʼminotiga kafolatlangan dastlabki kirish imkoniyatdan foydalaniladi. Shuningdek, ushbu dasturning asosiy maqsadi — yangi vaksinalarni yaratish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar hamda ularni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlikni qoʻllab-quvvatlashdir.
Yana bir muhim masala — vaksinalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish. Mazkur masala ham olimlarimiz va farmatsevtika sohasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Bu holatda vaksinalar importga bogʻliq boʻlmaydi. Ularni eksport qilish orqali qoʻshni davlatlarga ham yordam berish imkoni yaratiladi. Bu oʻz navbatida, mintaqada “COVID-19”ga nisbatan epidemiologik barqarorlikka erishish jarayonini taʼminlaydi.

 

OʻzA