Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga fuqarolar pensiya olish va hisoblashga oid turli savollar bilan murojaat qiladi.
“Otamning pensiyasi kam. Ish staji 27 yil. Haydovchi, traktorchi, murob vazifalarida ishlagan. Hozir 350 ming soʻm pensiya olyapti. Nega pensiyasi kam hisoblangan?”
Ayni shu kabi savollarga Pensiya jamgʻarmasi javob berdi. Pensiya miqdori fuqaroning ish staji davomiyligi va oylik ish haqi miqdoriga bogʻliq boʻlib, dastlab pensiyaning tayanch miqdori aniqlanadi.
Pensiyaning tayanch miqdori pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning tanlovi asosida uning oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyatidagi ketma-ket besh yillik oylik ish haqlaridan aniqlanadi. Agar pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyatiga oid oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari yoʻq boʻlsa, bunday holatlarda pensiya hisoblashda oylik ish haqi yoʻq boʻlgan davrlar uchun oʻsha paytdagi pensiya hisoblashning bazaviy miqdori (eng kam oylik ish haqi) hisoblanib, pensiyaning tayanch miqdori aniqlanadi.
Agar pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxs talab qilinganidan ortiqcha ish stajiga ega boʻlsa, ushbu shaxsning har bir ortiqcha ishlagan yillari uchun pensiyaning tayanch miqdori aniqlangan oʻrtacha oylik ish haqining bir foizi miqdorida oshirilib boriladi va miqdorlar jamlanib, bitta umumiy pensiya aniqlanadi. Agar oʻrtacha oylik ish haqi miqdori past miqdorlarda aniqlangan boʻlsa, pensiya miqdori ham ushbu oʻrtacha oylik ish haqi miqdori mutanosib ravishda belgilanadi.
Shuningdek, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarning mazmunini va zarur tarzda rasmiylashtirilganligini baholaydi. Zarur hollarda esa mehnat faoliyatining ayrim davrlarini ish staji hisobida inobatga olish yoki olmaslik toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilish vakolatiga ega.
O’zA