“Bugungi kunda Qozogʻiston Respublikasining beshta viloyati 26 ta tumanidagi 47 ta aholi punktida parrandalarning nobud boʻlishi qayd qilindi. Shaxsiy tomorqalarda nobud boʻlgan parrandalar soni 12 926 tani tashkil qiladi, shuningdek Shimoliy Qozogʻiston viloyatidagi parrandachilik fabrikalarida 41 mingta parranda nobud boʻldi”, – deyiladi mamlakat Qishloq xoʻjalik vazirligi xabarida.
Xabarga koʻra, parranda grippi Shimoliy Qozogʻiston, Oqmola, Qostanay, Pavlodar va Qaragʻanda viloyatlarida aniqlangan.
Rasmiylar fermerlarga bozor narxida tovon toʻlanishini va parrandalarning katta qismi emlanishiga vaʼda berdi.
Veterinariya nazorati fermerlar nobud boʻlgan parrandalarning goʻshtini savdoga chiqarmasligiga kafolat bermoqda.
“Milliy referent markazi kasallikka qushlarning yuqori patogen grippi sabab boʻlganini aniqladi. Qabul qilingan qoidalarga muvofiq, Qozogʻistonda kasallik avj olganligi haqida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xabardor qilingan”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Mintaqaga vaksinalar keltirilib, hudud dezinfeksiya qilinib, parrandalar jasadi yoʻq qilinmoqda. 17-sentyabrdan boshlab mamlakatga parranda va unga yaqin mahsulotlarni olib kirilishiga taʼqiq qoʻyilgan.
Mamlakatning Rossiya bilan chegaradosh hududlarda hayvonlarni emlash uchun qushlarning yuqori patogen tumoviga qarshi milliy dori-darmonlar muolajasi amalga oshirlmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, parranda grippining ilk belgisi ikki hafta muqaddam Shimoliy Qozogʻiston viloyatida aniqlandi. Mintaqada uy parrandalarining ommaviy tarzda nobud boʻlishi qayd qilingan edi.
21-sentyabr kuni Qozogʻiston Qishloq xoʻjalik vazirligi yana uchta viloyatda virus qayd qilingani borasida xabar berdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, xoʻjaliklardagi umumiy yoʻqotishlar kamida 100 ming parrandani tashkil qiladi, aslida bundanda koʻp boʻlishi mumkin, chunki faqat uy parrandalarigina nobud boʻlmagan. Tadqiqotlarga koʻra, ayni damda shimoldan janubga yoʻl olgan yovvoyi parrandalar ham nobud boʻlgan.
Hukumat rasmiylarining aytishlaricha, ayni damda veterinariya xizmati barcha zarur choralarni amlga oshirmoqda. Parrandalar nobud boʻlgan viloyatlarda karantin eʼlon qilindi, tumanlararo harakatlar toʻxtatilgan, kirish va chiqish joylariga blokpostlar oʻrnatilib veterinariya mutaxassislari navbatchilik qilmoqda. Kasallangan parrandalar goʻshtining doʻkonlar va bozorlar peshtaxtalariga chiqarilmasligi nazoratga olingan.
Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA