Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishining ustuvor yoʻnalishlari Bryussel press-klubida muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, mamlakatimizning Belgiyadagi elchisi Dilyor Hakimov, Bryussel press-klubi ijrochi direktori Loran Brixay hamda ushbu matbuot klubi xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan videokonferensiya davomida Oʻzbekistonning joriy yildagi iqtisodiy oʻsishini taʼminlagan 8 ta eng ustuvor yoʻnalish diqqat markazida boʻldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bergan.
Suhbat chogʻida tomonlar 9-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga bagʻishlangan uchrashuv yakunlarini muhokama qildilar.
Mamlakatimizda oʻtgan uch oy davomida iqtisodiyot tarmoqlariga 2,3 trillion soʻm soliq imtiyozlari berilgani hamda Inqirozga qarshi fonddan 3,6 trillion soʻm ajratilgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Jahon iqtisodiy inqirozi sharoitida yalpi ichki mahsulot oʻsishiga erishilishi Respublika rahbariyatining maqsadli va puxta oʻylangan strategiyasi samarasi ekani eʼtirof etildi.
Eslatib oʻtamiz, Jahon banki 2020-yilda jahon yalpi ichki mahsuloti oʻrtacha 5,2 foiz pasayishi toʻgʻrisida prognoz bildirdi. Bu boradagi salbiy koʻrsatkich AQSHda 6,1, Rossiyada 6, Yevropa Ittifoqi hududida 9,1 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Dunyo boʻylab kuzatilayotgan mana shunday murakkab bir vazyatda Xitoyda 1 foiz, Oʻzbekistonda esa 1,5 foiz iqtisodiy oʻsish kutilyapti.

 

OʻzA