Umumxalq harakatida yoshlar ham faol ishtirok etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-aprel kuni aholining ijtimoiy himoyasi hamda qurilish va infratuzilma tarmoqlari faoliyati masalalariga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida muqaddas Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan, shuningdek xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda ilgari surgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari ham faol ishtirok etmoqda. 

Umumxalq harakati davomida Nukus shahridan 300 dan ziyod oila, koʻmakka muhtoj qariya aniqlanib, ularga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi faollari, “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, shahar va tuman boʻlinmalari xodimlari tomonidan, shuningdek jamgʻarmadan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan yosh tadbirkorlar homiyligida oziq-ovqat mahsulotlari, koʻchatlar yetkazib berildi.

photo_2020-04-27_22-00-31.jpg

Jumladan, “Oydin yoʻl”, “Botanika bogʻi” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi oilalarga, koʻmakka muhtoj qariyalarga, “Qurilishchi” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Yoshlar uyi”da istiqomat qilayotgan, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari boʻlgan yosh oilalarga saxovatpesha homiylar tomonidan yordam koʻrsatildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida tashkil etilgan eng ommabop onlayn tanlovlar orasida “Uyda kitob oʻqiymiz” aksiyasi koʻplab yoshlarni birlashtirdi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidagi mazkur aksiya faoli Aynura Alimjanovaga sovgʻa topshirildi.

photo_2020-04-27_22-00-43.jpg

– Oʻtgan yili “Yosh kitobxon” tanlovining mamlakatimiz bosqichida 3-oʻrinni egallagan edim, – deydi Aynura Alimjanova. – Bu yilgi tanlovda mutlaq gʻolib boʻlish niyatida koʻplab kitoblar mutolaa qilib, tinimsiz tayyorgarlik koʻrayapman.
Intiluvchan yoshlar karantin davrida tengdoshlariga oʻrnak boʻlmoqda. Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali 3-bosqich talabasi Rustamjon Madraimov va ushbu filialning 4-bosqich talabasi JaqsiliqDaoʻletnazarov hamkorlikda mini quyosh panellari yordamida mutlaqo yonilgʻisiz ishlovchi, saksovul urugʻlarini ekadigan uskuna ixtiro qildi.

photo_2020-04-27_22-00-28.jpg

Mazkur uskunani nafaqat saksovul urugʻi ekishda, balki gʻoʻza qator oralarini yumshatishda, poliz ekinlari hasharotlariga qarshi kurashishda ham qoʻllash mumkin. Hozirda uskunaning namunaviy nusxasi hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga topshirilgan, mualliflik huquqi berilgandan soʻng keng miqyosda ishlab chiqarishga tatbiq etiladi.
Karantin davrida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida telegram ijtimoiy tarmogʻida qoraqalpoq estrada xonandalari ishtirokida “Uyda qoling, qoʻshiq eshiting”, “Men oʻqigan eng yaxshi kitob loyihasi”, volontyorlar va yoshlar ishtirokida telegram tarmogʻi orqali “Breyn-ring” va boshqa intellektual oʻyinlar, “Yosh gitarachilar” onlayn tanlovi, “Siz uyda qoling!” aksiyasi, “Biz uyda ota-onamizga koʻmakchimiz!”, “Biz koronavirusga qarshimiz!” rasmlar tanlovi eʼlon qilinib, mazkur loyihalarda minglab yoshlar keng qamrab olindi.

photo_2020-04-27_22-00-35.jpg

Shuningdek, “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan eʼlon qilingan “Uyda qol, foyda ol” chellenjida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan bugungi kunga kelib 40 nafar yosh tadbirkor va hunarmand oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Ulardan Taxiatosh tumani “Saroykoʻl” ovul fuqarolar yigʻinidan gilam toʻquvchi Jeren Kelova 24-gʻolib sifatida 1 million soʻm pul mukofotiga ega boʻldi.

Ushbu tumanning “Keneges” ovul fuqarolar yigʻinidan qoʻziqorin yetishtirishni yoʻlga qoʻygan va moʻmay daromad topayotgan yosh ishbilarmon Oʻgʻiloy Shomuradova yoshlarga namuna boʻlmoqda. Sinovli kunlarda yosh fermerlar ham yurtga yelkadosh boʻlib, dalalarda mehnat qilmoqda. Xoʻjayli tumanidan Gʻulomjon Nurumbetov, Nukus tumanidan Islombek Alpisbayevlar 13 gektar maydonga makkajoʻxori va poliz ekinlari ekib, moʻl hosil olishga astoydil bel bogʻlagan.

photo_2020-04-27_22-00-40.jpg

Mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin sharoitida kam taʼminlangan oilalar, yolgʻiz keksalar, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tashkil etilgan “Call-markaz”larda ehtiyojmand fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularga oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalarini yetkazib berishda 314 nafar yosh volontyor sifatida faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda markazga 11290 murojaat kelib tushgan boʻlsa, mahallalar tavsiyasi asosida 16950 ta oilaga yordam berildi.
– Biz bu bilan cheklanib qolmaymiz, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abatboy Daniyarov. – Umumxalq harakati davomida Orolboʻyidan yordamga muhtoj jami 1000 ta oilani qamrab olish rejalashtirilgan. Ularga homiylik yordami sifatida oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari yetkazib beriladi.

photo_2020-04-27_22-00-21.jpg

Mazkur tadbir muqaddas Ramazon oyida amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaldagi namoyishiga aylanishi shubhasiz. Tashabbus doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda jonbozlik koʻrsatish istagidagi homiylar koʻpchilikni tashkil etmoqda. Shunday ekan, bu kabi xayriya tadbirlari Orolboʻyida davom etadi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA