Dunyodagi yashash arzon shaharlar reytingi eʼlon qilindi

The Economist Intelligence Unit jahoning eng yirik megopolislaridagi turar-joy, transport, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, aloqa va boshqa kerakli xarajatlar aks etgan “Jahonda yashash narxi – 2020” reytingini eʼlon qildi.

Reytingda jahonning qimmat shaharlari roʻyxatida hamon Gonkong va Singapur boʻlib qolmoqda, ammo bu yil ular safiga Yaponiyaning Osaka shahri ham qoʻshildi.

Yashash uchun eng arzon shaharlar orasida Oʻzbekiston poytaxti Toshkent va Qozogʻistonda kattaligi jihatdan ikkinchi oʻrinda turuvchi Olmaota shaharlari ham bor. Bu shaharlarda yashash Buenos-Ayres, Pokistonning Karachi, Venesuelaning Karakas yoki Hindistonning Bangaloriga qaraganda ancha arzon ekan.

Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, Toshkent va Olmaotada oziq-ovqat mahsulotlari ancha arzon. Masalan, Toshkentda bir kilogramm non atigi 1,05, Olmaotada 0,96 dollar turadi, reytingda qoʻshni turgan Argentinaning Buenos-Ayres shahrida non 3,32 dollardir. Oʻzbekiston va Qozogʻistonda xizmatlar, masalan, sartarosh va kiyim-kechak ham arzon.

 

OʻzA