Senat yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Majlisda vazirlik faoliyatida bir qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, vazirlik va Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalarining axborot-tahlil faoliyati natijadorligi oʻta sust boʻlib qolmoqda. Ishonchli maʼlumot manbalarining kamligi, asosan ommabop maʼlumotlarga tayangan axborotnomalarning tayyorlanishi, har tomonlama chuqur ishlab chiqilgan dolzarb tashqi siyosiy tashabbus va takliflarning taqchilligiga olib kelmoqda.
Iqtisodiy diplomatiya samaradorligi oʻta past. Vazirlik hisobotiga koʻra respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 1 ming 200 dan ortiq biznes-forumlar, 3 ming 700 dan ortiq oʻzaro tashriflar oʻtkazildi. Ammo ularning amaliy natijasi deyarli yoʻq, ayrim hollarda tadbirlar nomiga va samarasiz oʻtkazilmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish boʻyicha har tomonlama puxta oʻylangan aniq maqsadli rejalar ishlab chiqilishiga hanuzgacha yuzaki qaralmoqda. Xorijiy mamlakat kompaniyalarining takliflari boʻyicha tegishli tashkilotlarning javob bermasligi, qayta aloqaning yoʻqligi natijasida loyihalarni koʻrib chiqish muddati choʻzilib ketmoqda.
Bu boradagi idoralararo hamkorlik hanuzgacha talab darajasida emas. Oʻz vaqtida aynan shu maqsadlarda taʼsis etilgan Tashqi siyosat masalalari boʻyicha idoralararo Kengash oʻz faoliyatini amalda boshlamagan, natijada qabul qilingan “yoʻl xarita”lari ijrosidagi vazirlikning muvofiqlashtiruvchi funksiyasini bajarilmayapti.
Respublika hududlarining tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishda ularga biriktirilgan Oʻzbekiston elchixonalarning koʻpchiligini hissasi kam yoki u koʻrinmaydi.
Oʻzbekistonning qator xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida uzoq davr mobaynida vakansiyalar saqlanib kelinmoqda.
Nurillo NASRIYEV, OʻzA