Oqtoʻbe viloyati delegatsiyasining Orolboʻyiga tashrifi....

Qozogʻiston Respublikasi Oqtoʻbe viloyati hokimi Ondasin Urazalin rahbarligidagi delegatsiya ikki kunlik tashrif bilan Orolboʻyiga keldi.
Mehmonlar Nukus xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Shu kunning oʻzida delegatsiya aʼzolari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida qabul marosimi oʻtkazildi. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi turli sohalardagi hamkorlik yildan yilga rivojlanayotganini taʼkidladi. Shu jumladan, qoʻshni Oqtoʻbe viloyati bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotir.
Oʻz navbatida Oqtoʻbe viloyati hokimi O.Urazalin samimiy kutib olganligi uchun minnatdorlik bildirdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad, Orolboʻyining iqtisodiy, investitsiya va turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish, kelgusidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan iborat.
Shu kunning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi kichik majlislar zalida Orolboʻyi hamda Oqtoʻbe viloyati rasmiy delegatsiyasining uchrashuvi boʻldi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Oqtoʻbe viloyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mehmonlar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyida boʻldi.
Delegatsiya aʼzolarining Kegayli tumaniga tashrifi, qozoq shoiri Tolegen Aybergenovning qabriga ziyorati rejalashtirilgan.

 

Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA