Yo‘lovchilarga faqat uch kun chegirmalar berilmoqda

Bahor yaqin. Bu faslda yurtimizga sayyohlar oqimi sezilarli ko‘payadi. Ichki turizm ham faollashadi. Tabiiyki, bu jarayonda transport xizmatlariga ehtiyoj seziladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mahalliy yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bir qator chegirmalar e’lon qildi.
Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, faqat 21-23 mart kunlari mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poezdlar chiptalari uchun mavjud tariflardan chegirmalar taqdim etilmoqda.
Jumladan, nafaqaxo‘rlar, nogironlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga 50 foiz, OTM, harbiylashtirilgan maxsus ta’lim muassasalari talabalari, o‘quvchilar, oilaviy sayohatga chiqqanlar uchun (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda), 4 kishidan ortiq hamkasblarga 15 foizlik chegirmalar beriladi.
“Afrosiyob” tezyurar poezdlarida esa barcha toifadagi yo‘lovchilarga 10 foiz chegirma bor.
Yuqorida qayd etilgan chegirmalar faqat temir yo‘l kassalarida rasmiylashtiriladi. Imtiyoz elektron chiptalarni rasmiylashtirishda taqdim etilmaydi. Ta’kidlanishicha, elektron chiptalarni rasmiylashtirish tizimida hozircha bunday texnik imkoniyat mavjud emas. Mutaxassislar ushbu funksiyani takomillashtirish borasida ishlamoqda.
Joriy yil 5 martdan 30 aprelga qadar “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida har payshanba kuni “Afrosiyob” tezyurar poezdining qo‘shimcha qatnovi ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

O‘zA