Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi.

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqil Oʻzbekistonga asos solgan, xalqimiz mehrini qozongan, xalqaro miqyosda tan olingan davlat va siyosat arbobi edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori va tegishli qarori bilan uning xotirasi abadiylashtirildi, hurmati joyiga qoʻyildi. Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan 30-yanvar kunini nishonlash ezgu anʼanaga aylandi.

“Bu sanani munosib oʻtkazish bizning oʻz tariximizga, mustaqilligimizga boʻlgan hurmatimizni, xalq, millat sifatidagi madaniyatimiz va saviyamizni namoyon etadi” degan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.

Qurʼoni karimdan tilovat qilindi. Islom Karimovning serqirra faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari yodga olindi.

Gul qoʻyish marosimida Prezident Administratsiyasi, parlament palatalari va hukumat aʼzolari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, ziyolilar, shahar jamoatchiligi ishtirok etdi.

Birinchi Prezidentimizning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qoʻyildi.

 

O’zA