Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kunining oxirida Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Muloqotda Qirgʻizistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash muhim ekani alohida qayd etildi. Qoʻshni mamlakatdagi vaziyat amaldagi qonunchilik doirasida tez orada barqarorlashishiga umid bildirildi.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston Davlat chegarasini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish masalalari boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish hamda Chegarada ishonch choralari toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq uning xavfsizligini mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Suhbat yakunida davlat rahbarlari keng koʻlamli hamkorlikni yanada faol rivojlantirish, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladilar.

 

OʻzA