Shavkat Mirziyoyev Belarusning yetakchi innovatsion kompaniyalarini Oʻzbekistonga taklif qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vaziri Sergey Rumas hamrohligida “Belarus” yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu park 2005-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qulay muhit yaratish, shu orqali mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. 2014-yilda unga qator imtiyozlar berilib, faoliyat yoʻnalishlari kengaytirilgan.

Bugungi kunda “Belarus” YUTP dasturlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsion yechimlar, konsalting va boshqa yoʻnalishlarda yetakchi markazlardan biriga aylangan. Bu yerda ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlarning 90 foizdan ziyodi eksport qilinmoqda, 67 mamlakat kompaniyalari ularning buyurtmachilari hisoblanadi.

Prezidentimizga Yuqori texnologiyalar parkida bank-moliya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, ekologiya va boshqa sohalar uchun yaratilgan innovatsion yechim va ishlanmalar haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari mazkur texnopark rezidentlari imkoniyatlarining Oʻzbekistonda taqdimotini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Texnologik hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish boʻyicha aloqalarni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

 

O’zA