Ruslanbek Davletov AQSHda Diniy erkinliklarni ilgari surish boʻyicha konferensiyasida ishtirok etmoqda

Ayni damda Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan AQSH boʻlib turibdi.
Delegatsiya tarkibida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov AQSHda boʻlib oʻtayotgan Diniy erkinliklarni ilgari surish boʻyicha ikkinchi Vazirlar konferensiyasida ishtirok etmoqda. Tadbirda AQSH vitse-prezidenti Maykl Richard Pens hamda davlat kotibi Mayk Pompeo maʼruza qildi.
Tadbir davomida yurtimizda vijdon erkinligi haqidagi holat, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Parlamentning yuqori va quyi palatalari tomonidan tasdiqlangan “Yoʻl xaritalari”ga (Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” va Osiyo forumi yakunlariga doir takliflar va tavsiyalarni amalga oshirish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan Amaliy harakatlar rejasi) asosan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi haqida xalqaro hamjamiyatga axborot berildi.
Taʼkidlash joizki, AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Oʻzbekiston diniy erkinliklar boʻyicha holatni yaxshilaganini oʻz chiqishlaridan birida qayd etgan edi. Uning bayonotida Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi vaziyatni yaxshiladi va alohida tashvish uygʻotuvchi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarilgani keltirilgan.
Bundan tashqari Oʻzbekiston delegatsiyasi “Oʻzbekistonda kapital bozori imkoniyatlari” (Nyu York sh.) Forumida ishtirok etadi.
Bir qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarini oʻtkazadi.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

 

OʻzA