Sogʻliqni saqlash vazirligi: Oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qaragan masʼul xodimlar vazifasidan ozod etildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, bu boradagi salomatlik koʻrsatkichlarini yanada yaxshilashda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi joylarda bu borada olib borilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilib bormoqda. Oʻrganishlar natijasida ana shunday ijobiy oʻzgarishlar barobarida ayrim hududlarda, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining baʼzi tumanlarida joriy yilning oʻtgan olti oyi yakunlariga koʻra, onalar oʻlimi koʻrsatkichi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan muayyan darajada koʻpayganligi aniqlangan.
Yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha oʻrganish, mavjud muammolar yechimini topish, tahlil qilish va mahalliy shifokorlarga homilador ayollarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash yuzasidan amaliy-uslubiy yordam berish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari va malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi. Ular tomonidan onalar oʻlimi koʻpayishi bilan bogʻliq vaziyat sinchiklab oʻrganilmoqda. Bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlil etilib, ularning oldini olish yuzasidan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam koʻrsatilib, zamonaviy tashxis va davolash usullarini amaliyotga qoʻllash boʻyicha bilim koʻnikmalarini oshirishda koʻmak bermoqda.
Shu bilan birga, faoliyati davomida kamchilikka yoʻl qoʻygan, oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar koʻrildi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Perinatal markazi direktori A. Abidov, direktor oʻrinbosari Z. Jumaniyazova va patologiya boʻlimi boshligʻi M. Eshbayeva lavozimidan ozod etildi. Mazkur markazning reanimatsiya boʻlimi boshligʻi M. Nizamatdinov va 4-tugʻruq boʻlimi boshligʻi S. Yeshmanovaga jarima intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan. Ushbu markazning reanimatsiya boʻlimi shifokorlari G. Saribayeva va Z. Ablakimov, G.Tanirbergenovlar, shuningdek, navbatchi akusher-ginekologi L. Burangulova, patologiya boʻlimi akusher-ginekologi D. Yangiboyeva, 3-tugʻruq boʻlimi akusher-ginekolog G. Ashirbekova hamda 1-tugʻruq boʻlimi navbatchi doyasi A. Sariyevalarga esa “hayfsan” intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari D. Bekboyeva, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi J.Tarixov, Qoʻngʻirot tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi B. Jumaniyazov va Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi D. Yembergenovlarga jarima jazo choralari qoʻllanildi.
Ayni paytda poytaxtdan borgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda onalar, bolalar, oʻsmirlar, fertil yoshdagi ayollar va aholining barcha qatlamiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash, tibbiy-profilaktika, perinatal va antenatal tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish boʻyicha ish olib bormoqda.
Aytish joizki, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida qariyb besh yuz ming nafar tugʻruq yoshidagi ayollar istiqomat qiladi. Ularga tibbiy-profilaktika va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan. Hududdagi 16 ta tugʻruq majmuasi va Respublika perinatal markazi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Tumanlardagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda Ayollar maslahatxonasi boʻlimi va Qizlar salomatligi markazi, perinatal skrining xonalari tashkil etilib, zamonaviy tibbiy diagnostika vositalari bilan jihozlangan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi bundan buyon ham davlatimiz tomonidan yaratib berilgan zamonaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish, shifokorlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish, oʻz vazifasiga oʻta masʼuliyat bilan yondashish kabi jihatlarga doimiy ravishda jiddiy eʼtibor qaratib boradi. Eng muhimi, onalar oʻlimi koʻrsatkichlarini muttasil kamayib borishini taʼminlash yoʻlida bor imkoniyatlarni safarbar etadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

 

OʻzA