Rossiya-Ukraina:muloqotlarni tiklash sari ilk qadam

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan birinchi telefon muloqotini oʻtkazdi. Suhbat Ukraina tomonining tashabbusi bilan amalga oshgan. Ukraina janubi-sharqidagi ziddiyatni barqarorlashtirish va har ikki tomondan ushlab turilgan shaxslarni qaytarish boʻyicha qoʻshma ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Normand shaklidagi muloqotlarni davom ettirish imkoniyatlari ham kun tartibida boʻlgan. Qrim va Donbass mavzusi xalqaro hayotning dolzarb masalasi boʻlgani, Yevropa sharqidagi keskin vaziyatga sabab boʻlib turgani nuqtai nazaridan Rossiya va Ukraina prezidentlarining telefon muloqotiga katta eʼtibor qaratildi.
Vladimir Zelenskiy matbuot xizmati Putin bilan telefon suhbatini tasdiqladi. Asosiy mavzu asir olingan harbiy dengizchilarni ozod etish bilan bogʻliq masala boʻlgan. Maʼlumki, oʻtgan yilning 25-noyabrida Kerch boʻgʻozi yaqinida Rossiya rasmiylari tomonidan uchta harbiy kema 24 nafar ukrain dengizchilari bilan qoʻlga olingan. Ular chegarani buzib oʻtishda ayblangan. Ikki mamlakat prezidentlari shuningdek, Rossiyada hibsda boʻlgan boshqa ukrain fuqarolarini ham qaytarish masalasini muhokama etishgan. Nima uchun aynan shu vaqtda?
Gap shundaki, 21-iyulda Ukrainada navbatdan tashqari parlament saylovi oʻtkaziladi. Agar shu kunlarda ukrain dengizchilari ozod etilsa, Vladimir Zelenskiy obroʻsi yanada koʻtariladi va parlament saylovida uning “Xalq xizmatkori” partiyasi katta ustunlik bilan gʻalaba qozonadi. Ammo Vladimir Putin dengizchilarni ozod etishga rozilik berganmi yoki yoʻq, bu hozircha qorongʻu. Voqealar jarayonini kuzataylikchi, agar Kreml Zelenskiy tarafdorlari parlament saylovida gʻalaba qozonishini xohlasa, masala ijobiy hal boʻladi.
Zelenskiy aprel oyida boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida zafar quchdi. Boshqa mamlakatlar yetakchilaridan farqli oʻlaroq Putin uni saylangani bilan tabriklamadi. Rossiya prezidenti Moskva Zelenskiyning prezident lavozimidagi ishi natijalarini kutishini maʼlum qilgandi.
Oʻshandan beri va shu bugungacha Putin va Zelenskiy na uchrashdi, na telefon orqali suhbatlashdi, na bir-biriga maktub yozdi. Iyun oyi boshida Putin Ukrainaning yangi prezidenti haqida shunday munosabat bildirdi: “Men bu kishini yaxshi bilmayman, u shu paytgacha ishlab kelgan sohasida yaxshigina mutaxassis – yaxshi aktyor. Ammo kimningdir rolini oʻynash boshqa, hayotda kim boʻlish boshqa ish”
Moskva va Kiyev oʻrtasida telekoʻprik oʻtkazish urinishi tufayli Ukraina prezidenti Feysbukda videomurojaat bilan chiqdi. U mazkur gʻoyani tanqid qilib, muqobil taklif sifatida Putin bilan Minskda AQSH prezidenti Donald Tramp, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey, GFR kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokida koʻp tomonlama muzokaralar oʻtkazishni taklif qildi. 11-iyul kuni Zelenskiy tashabbusiga Putin munosabat bildirdi.
“Biz taklif etilgan formatlarning birortasiga, shu jumladan, Normand formati kengayishiga qarshilik qilmaganmiz, – dedi Putin. – Biroq, birinchidan, bu Normand shakli va oliy darajadagi uchrashuvlarga yaxshi tayyorlanish kerak… Ikkinchidan, Ukraina yangi hukumati shakllangandan va mamlakat parlamentiga saylovlar oʻtkazilgandan keyingina bu haqda gaplashish oʻrinli boʻlardi. Uchinchidan, boshqa ishtirokchilar taklif etilgan formatga qanday munosabatda boʻlishini bilmayman”.
Aslida bu toʻgʻri fikrlar. Yevropa Ittifoqining mustaqil oʻyinchiga aylanishini istayotgan, tashkilotning “lokomotivi” boʻlmish Germaniya va Fransiyaning Normandiya jarayoniga Vashingtonni jalb etish qaroriga koʻnishini tasavvur etish qiyin. Ular Yevropa muammolarini qitʼa davlatlarining oʻzi hal qilishi tarafdori.
Bilamiz, AQSH Normand jarayonining ishtirokchisi emas. Oʻz navbatida Putin Britaniya bosh vaziri Tereza Mey tez kunlarda lavozimini topshirishi haqida eslatib qoʻydi. Demakki, Britaniyada 22-iyul kuni yangi bosh vazir saylanishi mumkinligini nazarda tutsak, hozir Londonni taklif etishning mavridi emas. Ukraina parlament saylovlariga qizgʻin tayyorgarlik pallasida. 21-iyul kuni parlament saylovi oʻtkazilsa, natijalarni hisoblab chiqish, deputatlarni qasamyodga keltirish, yangi hukumat shakllantirilguncha kuz fasli boshlanadi. Shu nuqtai nazardan Normand formatidagi uchrashuvlarning kuzda boshlanishi muqarrarga oʻxshab turibdi. Ammo telefon soʻzlashuvlari boshi berk koʻchaga kirib qolgan Normand muzokaralarini tiklash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Bugun Parijda Normand formatidagi davlat va hukumat rahbarlari maslahatchilari uchrashuvining oʻtkazilishi ham fikrimizga misol boʻla oladi.
Hokimiyat tepasiga kelganiga ikki yarim oydan oshgan Vladimir Zelenskiyning birinchi maqsadi mamlakat iqtisodiyotini choʻktirayotgan Donbass mojarosiga chek qoʻyish. Korrupsiya va poraxoʻrlikka chek qoʻyish, chinakam huquqiy davlat qurish. Ammo hozirgi hukumat va Oliy Rada uning tashabbuslariga osonlikcha yoʻl bermayapti. Faqat parlament saylovlarida gʻalaba qozonish orqaligina oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish yoʻlida ulkan qadam tashlay oladi. Oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, saylov yakunlari boʻyicha parlament tarkibini asosan Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” va qoʻshiqchi Vakarchukning “Golos” partiyalari shakllantiradi. Ularning fraksiyasi “Batkivshina” va sobiq prezident Pyotr Poroshenkoning “Yevropeyskaya solidarnost” fraksiyalaridan katta boʻladi. Shuning uchun prezident Vladimir Zelenskiy saylovgacha qolgan qisqa fursatda otni qamchilab qolishi kerak.

 

Abduvali Sayibnazarov, jurnalist, OʻzA