Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Shu bois chet elda mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatiga oid dolzarb materiallarga talab ortib bormoqda.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatimizning yetakchi axborot agentligi sifatida Prezidentimiz tomonidan barcha sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini izchil yoritib kelmoqda. Mamlakatimiz hayotiga oid xabar, maqola va tahliliy materiallar xorijiy ommaviy axborot vositalari eʼtiboridan chetda qolmayapti.
Bugungi kunda qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining yetakchi ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston hayotiga oid yangiliklarni OʻzA saytidan olib, mamlakat xalqi va butun dunyoga tarqatmoqda. Xususan, Qozogʻistonning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblangan “Kazinform” XAA, shuningdek, “Ulus.kz”, Nur.kz internet-portallarida, qator gazeta va jurnallar veb-saytlarida Oʻzbekiston hayotiga oid yangiliklar muntazam eʼlon qilinmoqda.
Maʼlumki, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning shu yil aprel oyida mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining www.uza.uz saytida qozoq tili versiyasi ishga tushirilgan edi. Bu yangilik Qozogʻiston Prezidentining rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalarida eʼlon qilindi. Shu bilan birga, “Kazinform” va boshqa axborot agentliklari OʻzAning ushbu tashabbusini keng yoritdi.
OʻzA tarqatayotgan Oʻzbekiston bilan Qozogʻistonning yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlariga oid yangiliklar “Kazinform” xalqaro axborot agentligining doimiy eʼtiboridagi mavzulardan hisoblanadi. “Kazinform” OʻzAning axborot hamkori boʻlib, 2017-yil sentyabr oyida ikki axborot agentligi oʻrtasida memorandum imzolangan.
Bugungi kunda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi saytida “OʻzA xabar qiladi” nomli rukn tashkil etilgan. Toshkentda “Tenge bank” ish boshlagani, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oliy oʻquv yurtlarida hamkorlikda kafedralar tashkil etilishi toʻgʻrisida bitim imzolangani, yurtimiz teatrlarida “Abay” spektakli oʻzbek tilida namoyish etilayotgani, Toshkent va Nursulton shaharlari oʻrtasida avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgani kabi xushxabarlar “Kazinform” saytida ushbu rukn ostida berildi.
Qozogʻiston nashrlari nafaqat mamlakatlarimizning turli sohalarga oid hamkorlik aloqalarini, balki Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlarga qozogʻistonliklar katta qiziqish bildirayotganini ham yoritib kelmoqda. Misol uchun, “Oʻzbekistonga besh oy ichida 1,3 million turist keldi” nomli tahliliy maqola OʻzA va “Kazinform” axborot agentliklarining oʻzaro axborot almashuvi borasida navbatdagi qadam tashlanganini isbotlaydi.
Oʻylaymizki, axborot sohasidagi ushbu hamkorlik xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Sherali OTABOYEV, OʻzA