Hududlarda sanoatni rivojlantirish va investitsiya faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻiston va viloyatlarga tashriflari chogʻida qator korxonalar ishga tushirilgan, yana koʻplarining taqdimotlari oʻtkazilgan edi. Bundan tashqari, hozirda Bosh vazir oʻrinbosari boshchiligida ishchi guruh tuzilib, sanoati nisbatan ortda qolayotgan hududlar boʻyicha qoʻshimcha sanoat loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bu loyihalarni infratuzilma quvvatlari mavjud obyektlar va maydonlarga joylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yigʻilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar Andijon viloyati misolida tahlil qilindi.
Mazkur viloyatda sanoat diversifikatsiya qilinmagani, ishlab chiqarish faqat ikki tarmoq – avtomobilsozlik va toʻqimachilikka bogʻlanib qolgani koʻrsatib oʻtildi. Hududiy sanoatda band boʻlganlarning qariyb 60 foizi, ishlab chiqarish hajmining 83 foizi ushbu tarmoqlarga toʻgʻri keladi. Boʻz, Buloqboshi, Izboskan, Qoʻrgʻontepa, Marhamat, Paxtaobod, Jalaquduq, Baliqchi, Ulugʻnor tumanlarida sanoat yaxshi rivojlanmagan.
1.jpg
Aholi zich yashaydigan, har qarich yer oltinga teng boʻlgan viloyatda 98 ta davlat obyektida zarur infratuzilmaga ega 90 gektar maydon va 163 ming kvadrat metr bino boʻsh turibdi. Prezidentimizning bunday bino va yerlardan samarali foydalanib, koʻproq ish oʻrni yaratadigan korxonalar tashkil etish, tumanlarda sanoatni diversifikatsiya qilishga oid topshirigʻiga muvofiq, Andijon viloyatida 2022-yilgacha amalga oshiriladigan 236 ta yangi loyiha ishlab chiqildi.
Ular, avvalgi loyihalar bilan qoʻshib hisoblaganda, yaqin uch yilda qariyb 41 mingta doimiy ish joyi tashkil etish hamda 1 milliard 87 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish imkonini beradi. Viloyat sanoati diversifikatsiya qilinib, ishlab chiqarish hajmi qurilish materiallari tarmogʻida 4 barobar, elektrotexnika, charm-poyabzal va kimyo sohalarida 2,1 barobar, oziq-ovqat sanoatida 3 barobar koʻpayadi. Tumanlar miqyosida olganda, ularning sanoat salohiyati ancha oshib, oʻzaro tafovuti kamayadi.
Yigʻilishda har bir loyiha boʻyicha ijro jadvallari ishlab chiqib, oʻz muddatida amalga oshirish, loyihalarni elektr energiyasi va zarur resurslar bilan taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Fargʻona vodiysida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun investitsiya fondi tuzilishini taʼkidladi. Ushbu fond foizli kreditlar ajratmaydi, balki loyihada oʻz mablagʻlari bilan biznes hamkor sifatida ishtirok etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu saʼy-harakatlar Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarining har birida 10 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, kichik biznes loyihalari uchun garovsiz mikrokredit tizimini rivojlantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Videoselektorda boʻsh turgan yoki samarali foydalanilmayotgan davlat va nodavlat obyektlari hisobini yuritish, ular negizida korxonalar tashkil etib, ish oʻrinlari yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Boʻsh turgan bino va inshootlarni ishga solish boʻyicha koʻplab vakolatlar berilganiga qaramay, mahalliy hokimliklar va soliq idoralari bu borada sezilarli oʻzgarish qilmagani tanqidiy baholandi. Ishlamay turgan inshootlar hududida barcha infratuzilmaga ega 22 ming gektar maydon borligi koʻrsatib oʻtildi. Aslida ular sanoatni rivojlantirish, ish oʻrinlari tashkil etish uchun tayyor joy.
Yigʻilishda ushbu masala boʻyicha vazirliklar va hokimliklar oldida turgan muhim vazifalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining takliflari eshitildi.
Videoselektorda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, oʻzlashtirish va loyihalarni muddatida ishga tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati tarmoq va hududlar kesimida muhokama qilindi.
Joriy yilning besh oyi mobaynida hududiy loyihalar doirasida 1,6 milliard dollar, tarmoq loyihalari doirasida qariyb 1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgani qayd etildi. Lekin, bu belgilangan moʻljaldan kamligi, ayrim viloyatlarda oʻzlashtirish yillik rejaning 35 foizga ham yetmagani koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, Andijon viloyatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi bois, Investitsiya va tashqi savdo vaziri oʻrinbosarlari viloyatdagi sanoat tarmoqlariga masʼul etib biriktirildi. Ular tarmoq birlashmalarini jalb etib, boʻsh turgan obyekt va maydonlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha xorijiy investorlar uchun takliflar ishlab chiqadi. Mazkur takliflar elchilar bilan birgalikda chet elda investorlarga taqdimot qilinadi.
Mutasaddilarga ushbu yangi tizimni boshqa hududlarda ham joriy qilish, joylarga chiqib, xorijiy investorlar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining chet elga xizmat safarlari chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Aksariyat kelishuvlar doirasida investitsiyalarni oʻzlashtirish boshlangan boʻlsa-da, ayrimlari hozircha qogʻozda qolib ketayotgani tanqid qilindi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

 

OʻzA