Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi dunyo jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotdi. Jumladan, ushbu mamlakatning siyosiy, ekspert va ilmiy doiralari vakillari tashrifning ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirmoqda.
Norbert Bartle, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) Parlament davlat kotibi:
Vazirligimiz delegatsiyasi ham Toshkentda boʻlib, moliyaviy va texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo uchrashuvda ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida birgalikdagi harakatlar koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi. Biz Oʻzbekistonga ajratiladigan mablagʻlar hajmini oʻn baravar oshirishni rejalashtiryapmiz. Oʻylaymanki, bu Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, Orolboʻyi mintaqasidagi vaziyatni oʻnglashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekistonliklar Germaniyaga kelib, oʻzlarining ishlab chiqarish imkoniyatlarini namoyon qilishyapti. Navbatdagi bosqichda biz birgalikda korxonalar tashkil etamiz. Bu koʻplab yangi ish oʻrinlari deganidir.
Toʻgʻrisi, biz bilan uchrashgan oʻzbekistonlik yosh diplomatlar meni juda hayron qoldirdi. Ular katta ishtiyoq bilan nemis tilida Germaniyada taʼlim olish istiqbollari xususida toʻlqinlanib gapirdi. Biz ham yoshlaringiz Germaniyada va xuddi shunday nemis yoshlari Oʻzbekistonda oʻqishini xohlaymiz. Yosh avlod oʻz yurtidan tashqariga chiqib, dunyoqarashi, boshqa davlatlar madaniyati haqidagi tasavvurlarini kengaytirishi, xorijlik tengdoshlari bilan doʻst boʻlishi, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi har tomonlama foydali.
Andreas Yan, Germaniya Bundestagi vakili, Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert:
Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash boʻyicha jiddiy qarorlar qabul qilgani bizni juda quvontirdi. Oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish nuqtai nazaridan bu biz uchun ham foydali. Chunki Oʻzbekiston geografik joylashuvi va mavqei jihatidan Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega.
Germaniya Bundestagi ikki tomonlama munosabatlarni maʼqullaydi. Joriy yil 16-19-iyun kunlari Bundestagning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish qoʻmitasi delegatsiyasi Oʻzbekistondagi islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrif buyuradi.
Shtefan Trats, Germaniya sudyalar akademiyasi (Deutsche Richterakademie, DRA) direktori, professor:
Germaniya sudyalar akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va sud organlari bilan hamkorligi jadal rivojlanyapti. Soʻnggi ikki yil ichida, akademiya direktori sifatida Toshkentda oʻtkazilgan maxsus seminarlarda bevosita ishtirok etdim va guvohi boʻldimki, oʻzbekistonlik hamkasblarimiz chuqur bilimga, kelajakda amalga oshiril
ishi mumkin boʻlgan istiqbolli gʻoyalarga ega.
Oʻzbekiston Prezidenti Bosh prokuratura akademiyasi hamda Oliy sudyalar kengashi qoshidagi Sudyalar oliy maktabini taʼsis etdi. Bu yerda biz birgalikda mazkur taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan rejalar ishlab chiqish va amalga oshirishimiz mumkin. Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan samarali hamkorlikni izchil davom ettiramiz, ularning Germaniya sudyalar akademiyasida tahsil olishlarini tashkil etamiz.
Frederik Vens, Frayburg universiteti klinikasi bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor:
Nemis onkologiya jamiyati va Germaniya sogʻliqni saqlash federal vazirligi tomonidan saratonga qarshi kurash boʻyicha Milliy reja ishlab chiqildi. Oʻtgan yili Toshkentda onkologiya boʻyicha nur terapiyasiga urgʻu berilgan holda ilk Germaniya – Oʻzbekiston konferensiyasi tashkil etildi.
Suhbatlar davomida hamkasblarimizni saratonga qarshi kurash boʻyicha Milliy reja bilan tanishtirdik. Muhokamalar 30 milliondan ziyod aholisi boʻlgan mamlakatda saratonni davolash, mazkur kasallikka tashhis qoʻyish hali talab darajasida emasligini koʻrsatdi.
Ushbu kasallik terapiyasi va diagnostikasini yaxshilash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida soʻnggi ikki yil ichida muayyan yutuqlarga erishdik. Shunday boʻlsa-da, investitsiya kiritish va infratuzilmani rivojlantirish orqali vaziyatni yanada yaxshilash lozim. Bu birinchidan zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan onkologik markazlar va klinikalar tashkil etish bilan bogʻliq. Ikkinchi tomondan, xodimlarni saratonni davolash boʻyicha oʻqitish uchun mablagʻ ajratish ham juda muhim. Shunchaki shifokorlarni oʻqitish yetarli emas, balki oʻrta va kichik tibbiy xodimlarga tibbiy fizika va radiatsion biologiya kabi aralash yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshimcha bilim berish zarur.
Qayd etish kerak, oʻzbekistonlik hamkasblarimiz oʻz ishini juda sevadi va shu bilan birga ular rivojlanishda davom etishni judayam xohlaydi.
Aminmanki, Germaniya va Oʻzbekistonning tibbiyot sohasidagi kelishuvlari natijasida bilim va koʻnikmalarimizni bir-birimiz bilan baham koʻramiz, bir-birimizdan oʻrganamiz. Bu oxir-oqibat Oʻzbekiston aholisi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishonchim komil, janob Frank-Valter Shtaynmayerning Oʻzbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlaydi. Kelajakda, jumladan, onkologiya sohasidagi hamkorligimiz ham faollashuviga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining
Germaniya Federativ Respublikasidagi
elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.