Tibbiyot ravnaqi yoʻlida yana bir xalqaro loyiha

Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida bir qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligida boʻlib oʻtgan taqdimot ham ulardan biri. U “CARO – 2019” Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressini oʻtkazish masalalariga bagʻishlandi.
Vazirlik va “OPASCA GOS Central Asia” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik ekspertlar, soha vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova, Germaniyadagi “OPASCA GmbH” va “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyalari bosh direktori, texnika fanlari doktori Aleksey Sverdlov va boshqalar Oʻzbekiston – Germaniya oʻrtasidagi hamkorlik tibbiyot, xususan, nur terapiyasi sohasini zamon talabi darajasida rivojlantirishga katta imkon yaratayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori ijrosiga asosan mamlakatimizda saraton kasalligini davolashda nur terapiyasidan unumli foydalanish va bunda eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlanganlik, tibbiy xizmat koʻrsatish va muolaja natijalari boʻyicha jahon standartlari talabi darajasiga olib chiqish boʻyicha chora-tadbirlar boshlangan.
– Joriy yilning 27-29-sentyabrida boʻlib oʻtadigan “CARO – 2019” Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressi ana shunday islohotlar ijrosiga qaratilgan, – dedi “OPASCA German Oncology Solutions GmbH” kompaniyasining Toshkentdagi “OPASCA GOS Central Asia” shuʼba kompaniyasi bosh direktori Aleksey Arapov. – Kongress ishtirokchilari zamonaviy nur terapiyasining istiqbollari, xorij tajribasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu jarayondagi muammolarga yechim izlashga bagʻishlangan maʼruzalarini havola etadi. Bugungi tadbirda biz mazkur kongressning asosiy vazifalariga bagʻishlangan taqdimotni oʻtkazdik.
– Yurtimizda tibbiyot rivojiga qaratilgan koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda, – dedi radiolog, tibbiyot fanlari nomzodi Ziyoda Ermatova. – Markaziy Osiyo radioonkologiya kongressining tibbiyotimiz rivoji uchun ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta. Masalan, oʻtgan yili tashkil etilgan kongressda Germaniya va Rossiya davlatlaridan onkologiya sohasidagi yetakchi tibbiy muassasalar onkologlari va fizik-radiologlar ishtirokida sohada erishilgan yutuqlar, malaka va tajribalar asosida maʼruzalar tinglandi. Unda taklif etilgan tajribalarga muvofiq, mamlakatimizda nur terapiyasini rivojlantirishda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlashga boʻlgan eʼtibor yanada kuchayib, bu borada kadrlarni oʻqitish masalasida amaliy natijalarga erishilmoqda.
IMG_4451.JPG

 

Nasiba ZIYODULLAYEVA,OʻzA