Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiyaning “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi Oʻzbekiston-Rossiya oʻzaro manfaatli hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish doirasida ilgʻor texnologiya va bilimlarni jalb etgan holda mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oʻzatom” agentligi tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha oʻn yilga moʻljallangan konsepsiya qabul qilingan.
Boʻlajak AES uchun maydon tanlash boʻyicha muhandislik tadqiqotlarining birinchi bosqichi yakunlandi, xalqaro talablarga muvofiq loyihaning atrof-muhitga taʼsiri baholanmoqda va texnik hujjatlar tayyorlanmoqda.
Aholini atom energetikasi va yadroviy texnologiyalarning rivoji toʻgʻrisida keng xabardor qilish maqsadida bugun “Oʻzatom” agentligi binosida Atom texnologiyalari axborot markazi ochildi.
Bundan tashqari, yangi oʻquv yilidan Toshkentda “MMFI” milliy tadqiqot yadroviy universitet filiali oʻz ishini boshlaydi.
Uchrashuvda mamlakatimizda qabul qilingan “yoʻl xaritasi” asosida AES qurilishi loyihasini sifatli tayyorlash va amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni davom ettirish masalalari koʻrib chiqildi. Mamlakatimizda yangi tarmoqni rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va keng koʻlamda amalga oshirish borasidagi intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.
UzA