Shavkat Mirziyoyev: Buxoro viloyatini xotin-qizlar masalalari boʻyicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Kogon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yigʻini markazida boʻldi.
Yigʻin binosi yangi loyiha asosida barpo etilgan boʻlib, unda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Kogon tumani kengashi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda joriy etilgan Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi ogʻir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va bolalarga maʼnaviy-psixologik, tibbiy va huquqiy koʻmak koʻrsatish bilan shugʻullanadi.
Keng va shinam xonada joylashgan, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan zamonaviy kutubxona aholi, ayniqsa yoshlar uchun maʼrifat maskanidir. Markaz yaqinida joylashgan ikkita sunʼiy qoplamali maydon hamda trenajerlar zali mahalla bolalari va oʻsmirlarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, fuqarolar yigʻinida yaqinda mamlakatimizda eng namunali deb topilgan hamda “Nexia 3” rusumli avtomobil bilan taqdirlangan zamonaviy ichki ishlar tayanch punkti ham faoliyat yuritmoqda. Mahalla markazi hududida barpo etilgan kunduzgi statsionar va tantanalar zali ham aholi xizmatida.
Tashrif chogʻida bugungi kunda Buxoro viloyatida 35 mingdan ziyod ayollar ish bilan taʼminlanmagani, xotin-qizlar jinoyatchiligi saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Prezidentimiz bu holat milliy mentalitetimizga yotligi, buyuk tarix va yuksak salohiyatga ega boʻlgan Buxoroga mutlaqo yarashmasligini taʼkidladi.
– Joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan taʼminlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni koʻrib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buning uchun Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, mahalla va ichki ishlar organlari birgalikda ishlashi, har bir ayol bilan suhbatlashib, muammolari boʻlsa, kerakli yordam berishi zarurligini taʼkidladi.
Koʻplab muammolarga, ayolning jinoyatga qoʻl urishiga ajrimlar sabab boʻlayotgani, uning oldini olish uchun yoshlarning, ota-onalarning masʼuliyatini oshirish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish kerakligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev mahalla markazi xodimlari, shu yerdagi intellektual klub aʼzolari boʻlgan yoshlar bilan muloqot qildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.

 

OʻzA