Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari: tashriflar yangi imkoniyatlar ochmoqda

Mamlakatimiz mustaqillik solnomasida soʻnggi ikki yil islohotlar davri sifatida qayd etiladi. Ayni shu oʻtgan davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki va tashqi siyosatda ochiqlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillari har qachongidan-da, ustuvorlik kasb etdi. Xorijiy sarmoyadorlarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagining ortishi yoʻqotilgan ishonch va umidlarning qaytayotganidan dalolat. Bugun xalqaro hamjamiyat va oʻzgarishlarga xayrixoh hamkorlar mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etyapti.
Birgina misol. Bugungi kunda qator xalqaro moliya institutlari qatorida Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi bank-moliya institutlari va kompaniyalari ishtirokida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir. Turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish borasidagi tashabbuslar eʼtiborga molik.
Ar-Riyod, 2017 yil 20 may. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi.
Prezidentimiz ushbu sammit doirasida qator davlatlar rahbarlari bilan muloqotda boʻldi. Xususan, Abu Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Al Nahayon bilan uchrashuv hamkorlikning yangi yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashish imkonini berdi.
Shu yilning 24 may kuni mamlakatimizga Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayon boshchiligidagi delegatsiyaning rasmiy tashrif bilan kelgani yaqin hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishdan ikki mamlakat ham birdek manfaatdor ekanini koʻrsatdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini qayd etdi va Madaniy hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.
Qayd etish joiz, Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari dunyoda tinchlikka erishish, Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni taʼminlashda ham yaqin va oʻxshash qarashlarga ega.
2018 yilning 12-14 mart kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklariga ham tashrif buyurdi. Mamlakat rasmiylari bilan uchrashuvlar chogʻida ikki tomon kun tartibiga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
2018 yil 26 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar boʻyicha davlat vaziri Anvar Muhammad Gargash “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida turli darajadagi aloqalar faollashib, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 7 may kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi. Muhokamalar markazida esa Amirliklar investorlarini mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish, ularning faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish masalalari boʻldi.
Muzokaralar natijasida neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xoʻjaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa qator sohalarda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.
Mehmon Birlashgan Arab Amirliklari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, jumladan, aniq istiqbolli investitsion loyihalarni hayotga toʻla tatbiq etishga tayyor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyotning turli yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda bugun ikki mamlakat Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlararo komissiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Komissiyaning ana shunday navbatdagi majlisi joriy yil 12 mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtdi. Unda Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said Al Mansuriy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimiz Birlashgan Arab Amirliklari uchun iqtisodiy lokatsiya hisoblanadi va BAAning iqtisodiy, investitsiyaviy loyihalarida Oʻzbekiston bilan iqtisodiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega.
Anjumanda Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri ikki tomonlama hamkorlik sohalarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishni taklif etdi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni BAAning Masdar kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan shamol elektr stansiyalarini qurish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Shu tariqa muzokaralar natijasida Mubadala kompaniyasi bilan uglevodorodlarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, Abu Dabining ADNOC milliy neft kompaniyasi bilan ekspert-konsultatsion hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishildi.
Oʻzbekistonda 2019 yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi. Bu esa Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni joriy yilda ham amalga oshirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni jadal rivojlantirish imkonini berishi shubhasiz.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA