Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik soʻzi

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!
 
Qadrli mehmonlar!
 
Xonimlar va janoblar!
Shu tarovatli kunlarda tabiat uygʻonib, goʻzal diyorimizga barchamiz orziqib, sogʻinib kutgan Navroʻzi olam kirib kelmoqda.
Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrku ziynati boʻlib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bagʻishlamoqda.
Azim poytaxtimizning markazida bunyod etilib, yaqinda foydalanishga topshirilgan muhtasham “Humo” koshonasida siz, azizlarni, sizlar orqali koʻpmillatli butun xalqimizni Navroʻz bayrami bilan chin qalbdan tabriklashni oʻzim uchun katta sharaf, deb bilaman.
Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navroʻz saylini oʻtkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon boʻlsin!
 
Sharqona Yangi yilimiz – Navroʻzi olamning qadami qutlugʻ va barakali kelsin!
 
Hurmatli doʻstlar!
Ayni shu betakror va dilbar faslda barchamiz oʻzimizni yasharib ketgandek, vujudimizga yangi kuch-gʻayrat, azmu shijoat kirgandek his etamiz. Necha yuz yillik anʼana va qadriyatlarimizni yangitdan kashf etamiz, qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bor anglaymiz. Va bundan qalblarimiz gʻurur va iftixorga toʻladi.
Bu yilgi Navroʻz bayrami ushbu muazzam saroyda oʻtayotganida oʻziga xos ramziy maʼno bor, albatta. Afsonaviy Humo qushi – ezgulik va baxt timsoli, Navroʻz esa bahor va baxt ayyomidir. Bu ikki ulugʻ timsol, yaʼni, Humo va Navroʻz falsafasi oʻzaro uygʻun boʻlib, hayotimizni yanada mazmunli va munavvar etgay, inshoolloh.
Aziz yurtdoshlar!
Barchamizga maʼlumki, Navroʻz – yangi kun, yangi fasl demakdir.
Bugun ona tabiat bagʻrida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda.
Jonajon Oʻzbekistonimiz ham bugun oʻz milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻymoqda.
Bu – erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlikning yangi, yuksak bosqichidir.
Bu – “Xalq manfaati hamma narsadan ulugʻ” degan ezgu gʻoya amaliy ishlar bilan oʻz tasdigʻini topayotgan davrdir. Yangi-yangi uy-joylar, zamonaviy korxonalar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qoʻshayotgan davr bu.
Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam koʻmak va yordam berish, mehr-oqibat koʻrsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan davr bu.
Bu – jahon hamjamiyati bilan, eng avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstlik va hamkorlik eshiklari keng ochilayotgan zamondir.
Bu – oʻzgarib, kuch-qudratga toʻlib borayotgan, dunyo ahli eʼtirof etayotgan yangi Oʻzbekistondir.
Ayni vaqtda bularning barchasi – biz tanlagan olis va mashaqqatli yoʻldagi dastlabki qadamlardir.
Bugun koʻpni koʻrgan, mard va olijanob xalqimiz oʻzining fidokorona mehnati bilan, kelajakka mustahkam ishonchi bilan shonli tariximizning yangi sahifasini yaratmoqda.
Ushbu qutlugʻ ayyomda mana shunday mehnatkash, matonatli, bagʻrikeng, Vatanga sadoqatli xalqimizga farzandlik mehrim bilan chin yuragimdan taʼzim qilaman.
Muhtaram doʻstlar!
Navroʻz oʻzining oʻlmas ruhi, umuminsoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda. Barchangizga ayonki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarori bilan 21 mart – butun dunyoda Xalqaro Navroʻz kuni sifatida keng nishonlanmoqda.
Fursatdan foydalanib, bizga hurmat va ehtirom koʻrsatib, mana shu muhtasham koshonamizga tashrif buyurgan chet davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, barcha xorijiy mehmonlarimizni, olis va yaqin mamlakatlar xalqlarini Navroʻz bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilashga ruxsat bergaysiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Bepoyon yurtimizni qamrab olgan xalq sayillarida bugun “Har kunimiz Navroʻz boʻlsin!” degan ezgu tilaklar yangramoqda.
Haqiqatan ham, Navroʻz oʻzining buyuk qudrati bilan tabiatni uygʻotmoqda. Islohotlar esa jamiyatni, xalqimizning ongu tafakkuri, beqiyos salohiyatini uygʻotmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va oʻzgarishlar ayni shu ulugʻ maqsadga – har kunimiz Navroʻz boʻlishiga, yaʼni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon boʻlishiga qaratilganini siz, azizlar yaxshi bilasiz. Biz shu yoʻlda oʻz oldimizga ulkan marra va vazifalarni qoʻydik va ularni xalqimiz bilan birga albatta amalga oshiramiz.
Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqda. Barchamizning tilagimiz bitta: yilimiz qutlugʻ kelsin, hosilimiz moʻl boʻlsin, mehnatingizdan baraka toping, qadrli doʻstlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
 
Munis opa-singillar!
 
Qadrli aka-ukalar!
 
Xalqimizning ishonchi va tayanchi boʻlgan navqiron yoshlar!
 
Aziz farzandlarim!
Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navroʻz bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin dildan tabriklayman!
 
Navroʻz har bir xonadonga, butun el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!
 
Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin!
 
Vatanimiz yanada obod, xalqimiz doim omon boʻlsin!
Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.

 

OʻzA