Oʻzbekiston – Rossiya: Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda

Rossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi.
Tashrif doirasida 6 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.
Muloqot chogʻida tibbiyot, sohada zamonaviy kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasini takomillashtirishga davlat siyosati darajasida qaraladi. Soʻnggi yillarda ushbu tizimda xalqaro meʼyorlarni joriy etish, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish borasida tub oʻzgarishlar olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda rossiyalik hamkorlar faol ishtirok etmoqda. Bunda oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar muhim oʻrin tutadi.
Rossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Oʻzbekistonda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini tatbiq etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishdagi tajriba va islohotlarni yuqori baholadi. Rossiya tomoni tajriba almashish, sogʻliqni saqlash sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Delegatsiya aʼzolari Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida boʻlib, muassasa faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda markazda yurak, jigar va boshqa aʼzolarda jarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi. Kardiojarrohlik boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, mehmonlar “Akfa Medline” tibbiyot markazi misolida mamlakatimizda malakali tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga koʻtarish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar MahkamasidaRossiya Federatsiyasi sogʻliqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqotda mamlakatlarimiz oʻrtasida tibbiyotda kadrlar malakasini oshirish boʻyicha samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi. Oʻzbekistonlik shifokorlarning Rossiya yetakchi tibbiy muassasalarida malaka oshirishi tashkil qilinayotgani, sohada ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash, tashxis qoʻyish va davolash, murakkab jarrohlik amaliyotidagi tajriba almashishga qaratilgan mahorat darslari oʻtazish muntazamlik kasb etgani taʼkidlandi.
Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik faol davom etmoqda. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda I.M.Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universiteti filialini ochish rejalashtirilgan. Tashkil etiladigan qoʻshma fakultetlarda bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura taʼlim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
Tibbiyot sohasini moliyalashtirish, logistika, sogʻliqni saqlash tizimini raqamli boshqaruvga oʻtkazish, hukumat darajasida qabul qilinayotgan dasturlar ahamiyati haqida soʻz yuritildi.
Delegatsiya aʼzolari respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalari hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida ham boʻlib, ikki tomonlama hamkorlikka oid qator uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi.

 

Abdulaziz MUSAYEV, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA