Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 13 fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Sogʻliqni saqlash vazirligiga muhim topshiriqlar berildi.
Jumladan:
• immunodiagnostikani oʻtkazish maqsadida 2019 yil 1 aprelga qadar sil kasalligini yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan shaxslarning asoslangan kontingentini aniqlash;
• 2019 yil 1 mayga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy markazlarining yangilangan tashkiliy-shtat tuzilmalarini “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi boʻyicha koʻzda tutilgan yillik byudjet mablagʻlari doirasida tasdiqlash;
• 2019 yil 1 mayga qadar respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini, pulmonolog xonasini jihozlash standartlarini, mutaxassislarning funksional vazifalarini belgilagan holda pulmonologiya boʻlimlari faoliyatini tashkillashtirishni nazarda tutuvchi pulmonologiya yoʻnalishi boʻyicha tibbiy yordam koʻrsatish tartibini tasdiqlash;
• 2019 yil 1 iyunga qadar Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan shaxslarda aniqlangan latent silni tashxislash va davolash tadbirlarini tashkillashtirish, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash boʻyicha takliflar kiritsh;
• Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda sifatli tashxislash, silga qarshi dori va individual himoya vositalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish va rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritsin;
• Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari va yuklamalarini tanqidiy oʻrganish natijalari asosida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining “Ftiziatriya” kafedralarini “Ftiziatriya va pulmonologiya” kafedralariga qayta ixtisoslashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish shular jumlasidan.
OʻzA