Saraton xastaligining asosiy belgilari eʼlon qilindi

“Cancer Research UK” tashkiloti ekspertlari rak kasalliklariga aloqador asosiy simptomlarni eʼlon qildi. 
“Daily Express” mazkur tadqiqotdan iqtibos keltirgan. Unda aytilishicha, kasallik alomatlarini pisand qilmaslik – umr koʻrish imkoniyatlarini qisqartiradi. Oʻsimta esa saratonning keng tarqalgan belgisi boʻlib, undan tashqari yana yettita asosiy simptom bor. Ularga oʻz vaqtida eʼtibor qilish kerak.
Garcha saraton kasalliklarining har bir turi boʻyicha alohida belgilar boʻlsa-da, shifokorlar barchasiga taalluqli asosiy alomatlarni keltirib oʻtgan.
Misol uchun, hech bir sababsiz vazn yoʻqotish organizmda saraton xastaligi rivojlanayotganidan darak boʻlishi mumkin. Ammo, tananing vaqti-vaqti bilan vazn yoʻqotib turishi tibbiyotda meʼyor sanalishini ham unutmaslik kerak.
Yana bir xavotirli alomatlardan biri – qoʻqqisdan yuzaga keluvchi ogʻriqlardir. “Agar shu kabi holat sizni bezovta qilsa, darhol shifokorga uchrang” deyilgan tadqiqotdan keltirilgan yana bir iqtibosda.
Mutaxassislar shuningdek, qorin dam boʻlishi va jigʻildon qaynashiga ham eʼtiborsiz boʻlmaslikni soʻragan. Koʻp holatlarda bu baʼzi mahsulotlarni isteʼmol qilishga bogʻliq boʻladi. Ammo, shu kabi simptomlar muntazam kuzatilsa, demak tanada xastalik ildiz otmoqda
Bundan tashqari, ekspertlar ovqat hazm qilish traktidagi buzilishlar, peshob va axlatda qon boʻlishi zahoti zudlik bilan shifokorga borishni tavsiya qilgan.

 

Malohat Husanova, OʻzA