Yangi vazirlik tashkil etildi

Prezidentimizning 2019 yil 28 yanvardagi “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida bu qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini tashkil etish boʻyicha atroflicha bayon qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining vakolatli vakillari va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalari negizida Vazirlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar)dagi hududiy boʻlinmalari tashkil etiladi.
Vazirlik yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirib, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama oʻzaro samarali hamkorlikni amalga oshiradi. Davlat organlari va tashkilotlarining, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillarining, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Farmonga koʻra, Vazirlik investitsiya va savdo faoliyatiga, shu jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan muammolarni oʻrganishni taʼminlaydi. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi ustun boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tashabbusi bilan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq ekvivalentdagi investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi kelishuvlar Vazirlik bilan oldindan kelishilishi shart.

 

A.Musayev, OʻzA