Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va “Person Hunters” hamkorlik qiladi

Toshkent shahrida 29 yanvar kuni Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti va “Person Hunters” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida memorandum imzolandi. Endilikda tomonlar xorijda taʼlim olayotgan yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha hamkorlik qiladi.
Ushbu hamkorlik doirasida davlat idoralari va xususiy sektordagi boʻsh ish oʻrinlariga mos nomzodlarni tanlash, axborot almashish ishlari yoʻlga qoʻyiladi, qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi, konferensiyalar, seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsadi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan va xorijda oʻqiyotgan yoki mehnat qilayotgan yoshlar bilan ishlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishdir.
Memorandumni imzolash marosimida Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Murodilla Alimboyev xorijda taʼlim olayotgan yoshlarni boʻsh ish oʻrinlari bilan taʼminlash borasidagi ishlarda mamlakatimiz mehnat bozorida rekruting xizmatlarini koʻrsatib kelayotgan “Person Hunters” bilan hamkorlik qoʻl kelishini aytib oʻtdi. Oʻz navbatida “Person Hunters” MCHJ rahbari Yuliya Yakovleva hamkorlik memorandumi yaqin kelajakda oʻz mevalarini berishini taʼkidladi.
– Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlar, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar yangi korxonalarning koʻpayishiga turtki bermoqda, – dedi Yu.Yakovleva. – Natijada mamlakat mehnat bozorida mutaxassislarga boʻlgan talab yanada oshmoqda. Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorligimiz xorijda taʼlim olayotgan va mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik mutaxassislarni yangi ish oʻrinlariga jalb qilish imkonini beradi.

 

Malohat Husanova, OʻzA