Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi texnik direktori Oʻzbekistonga keladi

Milliy qadriyatimizdan jahon sporti darajasigacha koʻtarilgan kurash bugungi kunda dunyo miqyosida tobora ommalashib bormoqda.
Shu bilan birga Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi ushbu sport turini Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish yoʻlida amaliy saʼy-harakatlarni boshlab yuborgan. Bu yoʻlda turli amaliy seminarlar tashkil etilib, kurashni keng targʻib etishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.
Eʼtiborlisi, bu jarayondan Oʻzbekiston kurash federatsiyasi ham chetda qolayotgani yoʻq. Shu maqsadda mazkur sport tashkiloti Xalqaro Kurash instituti hamkorlikda hakamlar va murabbiylar uchun xalqaro oʻquv-seminari tashkil etilyapti. Seminar 7 yanvar kuni soat 10.00 da Oʻzbekiston Taekvondo assotsiatsiyasi zalida boshlanadi.
Oʻzbekiston kurash federatsiyasi ushbu tadbirga ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan kurash ixlosmandlarini ham taklif qiladi. Unda 20 yil davomida jahon kurash oilasida yuz bergan jarayonlar hamda kurash qoidalariga kiritilayotgan yangiliklardan voqif boʻlasiz.
Oʻquv-seminarda Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi texnik direktori Rizo Nosiriy (Eron) ham ishtirok etadi.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA