Atoqli adib tavalludiga bagʻishlandi

Oʻquvchilarda badiiy adabiyotga boʻlgan qiziqishni oshirish, yoshlar oʻrtasida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish maqsadida maktablarda turkum maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 328-sonli maktabda boʻlib oʻtdi. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan tadbirda shoir-yozuvchilar, pedagog va oʻquvchi yoshlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

Tadbirda ulugʻ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida ilgari surilgan yuksak insoniy fazilatlarning yoshlar maʼnaviy kamolotidagi oʻrni xususida soʻz yuritildi.

– Ulugʻ adibning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Boʻtakoʻz”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yoʻli”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamgʻasi”, “Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori“ kabi koʻplab asarlari oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan va hammamiz ana shu bebaho merosdan bahramand boʻlib kelyapmiz, – deydi shoir Shodmonqul Salom. – Uning asralarida bolalik va oʻsmirlik dunyosi chuqur talqin etilgan. Bu asarlarni oʻqigan inson oq va qora, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi farqni yaxshi anglaydi hamda kitobxonda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptiradi.

Atoqli adibning hayoti va ijodi aks etgan sahna koʻrinishlari yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, dilbar kuy va taronalar tadbirga oʻzgacha koʻtarinki ruh bagʻishladi.

7.JPG

 

Risolat Magdiyeva, OʻzA