Qozogʻiston – Oʻzbekiston: hamkorlik forumiistiqbolli munosabatlar asosi

Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, yirik kompaniyalar, respublika va hududiy ishbilarmon doiralar vakillariishtirok etdi.

Forum doirasida “Chegaradosh hududlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorliklarining istiqbollari” mavzuida ishbilarmonlar yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, shuʼba yigʻilishlari oʻtkazildi. Unda “Markaziy Osiyoda Buyuk ipak yoʻlining yoʻlaklari. Turizm rivojining zamonaviy bosqichlari”, “Yangi imkoniyatlar sari yakdillikda”, “Sanoat, transport va logistika sohasidagi hamkorlikning istiqbollari”, “Agrosanoat majmuasi sohasi va suvdan foydalanishning muqobil usullarini amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikning istiqbollari” mavzusida fikr almashildi.

Forumning asosiy maqsadi Oʻzbekiston – Qozogʻiston oʻrtasidagi manfaatli hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishdan iborat. Tadbir ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillarini bir maqsad yoʻlida jamladi. Hududlarimizning eksport salohiyati, Oʻzbekistondagi yangi iqtisodiy zonalar istiqbollari, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarikoʻrib chiqildi.

3.JPG

2 (1).JPG
Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili tahliliga bagʻishlangan sessiyada turizmga investitsiya loyihalarini jalb qilish va hamkorlikni chuqurlashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Unda taʼkidlanganidek, mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalar boʻyicha hamkorlik kengaymoqda.

Qozogʻistondan Oʻzbekistonga keluvchi sayyohlar soni joriy yilning oʻn oyi davomida salkam 2 millionga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 500 mingga ortgani ijobiy oʻzgarishlardan darak beradi.

Tadbir doirasida Qozogʻiston – Oʻzbekiston biznes-forumi ishbilarmonlar kengashining II majlisida un va don mahsulotlari yetkazib berish, avtomobilsozlik yoʻnalishlarida ham memorandum imzolandi.

Ayni shu yoʻnalishda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan ham memorandum imzolandi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashning zamonaviy usullari, xalqaro meʼyorlar boʻyicha yakdil tizimni tashkil qilish istiqbollari, eksport boʻyicha yangi tranzit yoʻnalishlarni ochish, qadoqlash va sertifikatlashtirish amaliyoti masalalari atroflicha koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston zaminida yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlariga dunyo bozorida talab yuqori. Ushbu sohani jadal taraqqiy ettirish boʻyicha qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bu kabi mahsulotlar eksportini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratmoqda.

16.JPG

8.JPG
4.JPG
Forum doirasida Oʻzbekiston va Qozogʻistonning sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Koʻrgazmaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Asqar Mamin ishtirok etdi.

Koʻrgazmada ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari namoyish etildi. Taʼkidlanganidek, oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini mavjud talablar asosida yanada oshirish tadbirkorlar uchun birdek manfaatlidir.

Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumida ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasida shartnomalar, memorandumlar imzolandi, istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Gʻayrat Shirinov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA 
 
Toshkent – Chimkent – Toshkent.