Nohalol meva-sabzavot eksport qiluvchilar siri fosh boʻldi

Prezidentimizning joriy yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq nohalol meva-sabzavot eksport qiluvchilar reyestri yuritilmoqda.
Mazkur qaror bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni oʻz vaqtida taʼminlamagan eksportyorlar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan toʻlov olish talablari ularga qoʻllanilgan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritilishi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, endilikda barcha yuridik shaxslar meva-sabzavot mahsulotlarini dastlabki toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan va eksport shartnomasini siyosiy, tijorat xavflaridan sugʻurta polisisiz amalga oshirishi mumkin. Tadbirkorlik subyektlariga ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega boʻlmasdan meva-sabzavot eksportini amalga oshirish huquqi berildi. Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmasligi hamda hujjatlarda mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish uchun eksport qiluvchining javobgar boʻlishi belgilandi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish uchun yaratilgan shu kabi imkoniyat va qulayliklar sohada yuzaga kelgan toʻsiq hamda gʻovlarni bartaraf etib, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Afsuski, ayrim tadbirkorlar bunday imkoniyatlardan samarali foydalanish oʻrniga tovarlarni eksport qilishda bojxona tartib-qoidalarini chetlab oʻtishga intilayotgani achinarlidir. Jumladan, bojxona postimizga yakka tartibdagi tadbirkor B.A tomonidan yuk avtomashinasida Afgʻonistonga vazni 24,9 tonna 996 qop qizil loviyani bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun elektron bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilgan. Eksport qilinishi moʻljallangan yuk bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda 676 qop qizil loviya tovari borligi, qoplarning tagiga esa yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmay bojxona nazoratidan yashirilgan 320 qopda 8,8 ming dollar qiymatidagi noʻxat mavjudligi aniqlandi. Yana bir eksportyor tadbirkor qoʻshni Afgʻoniston davlatiga 9,9 ming dollar qiymatidagi 9 tonna noʻxatni bojxona nazoratidan yashirib, olib oʻtishga uringanida siri fosh boʻlib qoldi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, ular nohalol tadbirkorlar roʻyxatiga kiritildi.
Nortoji MARDAYEV,
Surxondaryo viloyati
bojxona boshqarmasi 
“Termiz” TIF bojxona
posti boshligʻi.

 

OʻzA