Majmuaning qurilishiga 1 milliarddan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati filialining yangi patomorfologiya va sitobiokimyo boʻlimi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tibbiyot xodimlari, viloyat faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, pirovardida, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatni yaxshilash va sifatini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu borada keyingi ikki yilda Prezidentimizning sohaga oid qator farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ziyod meʼyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilingani qayd etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent viloyati filiali 1926 yili Toshkent viloyati onkologiya dispanseri sifatida tashkil etilgan boʻlib, MDH davlatlarida eng qadimgi onkologik muassasalardan biri hisoblanadi. Mazkur tibbiyot muassasasida 6 nafar tibbiyot fanlari doktori, 10 nafar tibbiyot fanlari nomzodi tomonidan aholiga ixtisoslashgan diagnostika va davolash ishlari boʻyicha sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Patomorfologiya onkologiyaning ajralmas qismi boʻlib, dispanserning diagnostika va davolash ishlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bundan 60 yil muqaddam tashkil etilgan patomorfologiya boʻlimi shu vaqtga qadar 1 qavatli, bor-yoʻgʻi 4 xonadan iborat binoda faoliyat yuritar, oʻz navbatida, ushbu holat bemorlar uchun qiyinchiliklarni yuzaga keltirar edi.
Mehmonlar tibbiy muassasada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan maxsus manzilli dastur asosida ushbu binoda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Qisqa fursat ichida 1 qavatli eski bino oʻrnida 2 qavatli zamonaviy bino qad rostladi. Binoning birinchi qavatida patomorfologiya boʻlimi, ikkinchi qavatida klinik sitobiokimyo laboratoriyasi joylashgan. Barcha zarur sharoitlarni oʻzida mujassam etgan majmuaning qurilishiga davlatimiz tomonidan 1 milliard 322 million soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.

 

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA