Aholining sifatli mobil aloqa hamda Internet tarmogʻidan keng foydalanishi taʼminlanadi

Oʻzbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi.
Hukumat qarori bilan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarning hududiy manzilli roʻyxatlarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Nizomga muvofiq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalarning manzilli roʻyxatiga quyidagi yoʻnalishlardagi loyihalar kiritiladi:
• aholini sifatli mobil aloqa hamda Internet tarmogʻidan keng foydalanishni taʼminlash;
• sogʻliqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, taʼlim, kommunal xizmat koʻrsatish, turizm sohalarida zamonaviy axborot tizimlarini joriy qilish, “aqlli” va “xavfsiz” shaharlar va hududlarni tashkil qilish;
• innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
• olis joylarda elektron davlat xizmatlarini kengaytirish;
• pochta aloqasi sohasini va pochta aloqasi milliy operatori boʻlgan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ faoliyatini takomillashtirish.
Loyihani ustuvor manzilli roʻyxatga kiritish uchun tashabbuskorning rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan tasdiqlangan loyiha pasporti taqdim etiladi.
Quyidagilar loyihaning ustuvorligini belgilashning asosiy mezonlari hisoblanadi:
• loyihaning axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatiga muvofiqligi;
• dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlari sohasidagi mahalliy ishlanmalardan foydalanish darajasi;
• kutiladigan natijalarning ahamiyatliligi va samaradorligi;
• loyihaning ijtimoiy ahamiyatliligi;
• loyihani amalga oshirishga tayyorlik darajasi.
Ustuvor loyihalarning hududiy manzilli roʻyxatlari mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaxslar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlovdan tushadigan summaning 5 foizigacha boʻlgan miqdordagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

 

OʻzA