Oʻzbekiston gastronomik turizm boʻyicha Fransiyadan oʻzib ketadi...mi?

Rossiyaning Rostov-Don shahrida shu yilning 26-29 oktyabr kunlari Janubiy restoranlar forumi “Menyu Rostov – 2018” doirasida katta palov pazandalik festivali oʻtkaziladi.
Janubiy restoranlar forumi “Menyu Rostov – 2018” tadbiri Rostov aholisi va mehmonlariga ajoyib sovgʻalarni tuhfa etishni rejalashtirgan. Ularni shodu xurramlik bilan birga, turli millatlar madaniyati va urf-odatlari namoyishi ham kutmoqda.
Eʼtiborlisi, festivalning markaziy taomi – bu oʻzbek oshi boʻladi.
Bugungi kunda oʻzbek palovini butun MDH xalqlari sevib isteʼmol qilishadi. Ushbu tadbirda katta osh damlanib, Rossiyada oʻziga xos rekord oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Tadbir doirasida 1500 kishi uchun osh damlanadi, shuningdek, bir necha master-klasslar boʻlib oʻtadi.
Palov tayyorlashda oʻzbekistonlik mashhur oshpazlar, shuningdek, “Osiyo” oʻzbek madaniy markazi rahbari Qiyomxon Boboyev hamda Oʻzbekiston Bosh oshpazlari assotsiatsiyasi aʼzosi Hamid Umarov ham ishtirok etadi.
Tadbirda ishtirok etish uchun Moskvadan Oʻzbekiston elchixonasi vakillari ham kelishi kutilmoqda. Oʻzbek milliy taomi oʻzbek milliy musiqasi sadolari ostida tayyorlanadi. Tadbir tashkilotchilari barchani oʻzbek oshi, salat va issiq kulcha non bilan saylashga vaʼda berishgan.

 

OʻzA