Muallimga mangu ehtirom

Qoraqalpoq diyorining markazi – Nukus shahridan 150 chaqirim uzoqlikda koʻhna Ellikqalʼa tumani joylashgan.
Bu zaminda miloddan oldingi davrlarda qadimiy Kaltaminor, Suvyorgʻon, Amirobod madaniyatlari shakllanishiga xizmat qilgan Toshxirmon, Jonbosqalʼa, Oqchaxon, Gavxura kabi bir zamonlar gullab-yashnagan vohalar boʻlgan. Tarix talotoʻplari sabab ushbu joylar dastlab arablar, keyin moʻgʻullar bosqini, turli tabiiy ofatlar natijasida vayronaga aylanib, qumlar ostiga koʻmilgan. Ha, qumlar ostiga…
Qadimdan koʻhna Xorazm sivilizatsiyasining bir boʻlagi boʻlib kelgan bu yerlarning ostida butun xalq, millat tarixi yotgan boʻlsa, ehtimol. Shoir bejiz yozmagan ekan:
Xorazmni qazsangiz agar,
Yer ostidan daryolar chiqar.
Xorazmni qazsangiz agar,
Yer ostidan dunyolar chiqar.
Avval yoʻldosh, keyin yoʻl, deganlaridek, yaxshi suhbatdosh bilan yoʻl tanobini tortsa boʻladi. Axir chor taraf hayhotday choʻl. Qizil-qoʻngʻir tuproq bagʻrida shovillab yotgan pushti-sariq yantoq va qum barxanlari jamiki kenglikni qoplab olganday. Qizilqum bagʻridagi “Boʻston”ga yetish uchun 50 ta qalʼani bosib oʻtmoq kerak. “Boʻston” shahrini ellik birinchi qalʼa, deyishlari ham bejiz emas.
* * *
– Yoʻl boʻlsin, mehmon, – deydi yoʻldoshim.
– Ellikqalʼaning “Boʻston”iga ketayapman. Oʻqituvchiga qoʻyilgan haykal bor, deb eshitaman. “Ustozga ehtirom”. Siz bilmaysizmi?
Yoʻldosh yelka qisadi.
– Qaydam, eshitmagan ekanman.
Aftidan, savdogar bu yigit mendan tujjorlikka oid nimalarnidir soʻramoqchi boʻldi. Noʻnoqligimni bilgach, yana oʻsha haykal mavzusiga qaytdik.
– Qanday haykal ekan u? “Boʻston”ni besh qoʻlday bilaman, ammo haykalni eslay olmadim.
Toʻgʻri, dunyoda turli munosabatlar bilan barpo etilgan maydonlar, xiyobonlar, ulugʻ shaxslarga qoʻyilgan haykallar koʻp. Ammo ustoz va murabbiylarga bagʻishlab oʻrnatilgan haykal ham, maydon ham bitta. U ham boʻlsa “Boʻston”da.
Mashinada oʻtirgan toʻrt chogʻli kishi menga koʻz tashlab qoʻydi.
– Ichni qizdirmay davominiyam ayting-da, mehmon.
– Xorazmda bir shoir oʻtgan. Matnazar Abdulhakim. Uning “Darsdan soʻng…” degan sheʼri bor. Maʼnosi shunday, bir oʻqituvchi maktabga uzoq qir osha qatnaydi. Qosh qoraygach, eri uni olib ketar edi. Oʻshanday kunlarning birida, muallim uy vazifasini topshirmagan yetti oʻquvchini qattiq koyiydi. Ertaga qayta tekshirish sharti bilan, bir quchoq daftarni qoʻltiqlab, uyiga qaytmoqchi boʻladi. Oqshom choʻkkan, ammo negadir eridan darak boʻlmaydi. Hamkasblari qoling, deb qistasa ham yoʻlga otlanadi. Yarim yoʻldan oʻtgach, ortidan qashqir taʼqib qilayotganini sezadi. Boʻrining olovdan qoʻrqishini bilgan oʻqituvchi shartta bir daftarni yoqib, ortiga tashlaydi. Ovulga yetar chogʻi muallimda daftar, boʻrida toqat qolmaydi. Uch-toʻrt daftar boʻlsa bas, oʻqituvchi uyiga yetar edi, ammo baribir mudhish voqea sodir boʻladi. Azada daftar topshirmagan yetti oʻquvchi hammadan ham yomon yigʻlagan ekan.
Yoʻldoshlarimning hayratini oshirib, buni sheʼr qilib, oʻsha – daftar topshirolmay qolgan yetti oʻquvchidan biri yozgan, deyman…
“Eh…” xoʻrsinib qoʻydi haydovchi. Chatoq boʻlgan ekan, dedi sheriklar.
– Qaysi shoir dedingiz, kitobini qayerdan olsam boʻladi, – soʻray ketdi savdogar yigit. Shu on negadir bir koʻngilga sheʼr zavqini sola olganimdan xursand boʻlib ketdim.
* * *
Nihoyat oʻsha haykal qarshisidaman. Ha, bu oʻsha ayol. Bir quloch daftar qoʻltiqlab, qashqir taʼqibidan qochayotgan ayol. Goʻyo zulmat va vahshiyliklarga chap berib, bir tutam ziyoni kelajakka eltib borayotgan muallima…
Unga teranroq tikilaman. Ustoz shogirdining yelkasiga ohista qoʻl tashlab, yorugʻ yuz bilan uzoqlarga boqadi. U saboq bergan bolalar bugun qayerlardadir olamshumul ishlar bilan banddir, buni aniq aytolmayman. Bilganim shuki, daftar topshirmagan yetti oʻquvchidan biri bugun oʻzbekning mashhur shoiri, faxri…
…Bu goʻzal majmuaning tashabbuskori kim? Qaysi daryodilki, sheʼrdan bunchalar taʼsirlanib, xotira maydoni barpo etishgacha borgan? Soʻrab-surishtirib bildimki, “Boʻston”ning oʻsha yillardagi hokimi Neʼmatulla Xudoyberganov bu ishga bosh qoʻshgan. Doim ijodkor va olimlar davrasida yurishni xush koʻrgan bu inson hozirda Toʻrtkoʻl tumani hokimi ekan. U kishini-da topdik, suhbatlashdik.
Neʼmatulla Xudoyberganov, Toʻrtkoʻl tumani hokimi:
– 2001 yil edi. “Boʻston”dagi koʻplab ijodiy uchrashuvlarga Abdulla Oripov, Erkin
Vohidov, Omon Matchon, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Matnazar Abdulhakim, Oshiq Erkin kabi ijodkorlar bosh-qosh boʻlardi. Gurros-gurros sheʼrlarning nashʼasi yodimda. Shunday davralardan birida sheʼr oʻqish navbati rahmatli Matnazar akaga keldi. Shoir biroz oʻylab turdi-da, birinchi oʻqituvchimga bagʻishlangan sheʼrni aytsam, dedi. Maʼqulladik. Ogʻa sheʼrni shu darajada taʼsirli oʻqidiki, koʻzidan yosh chiqmagan odam qolmadi. Davra anchagacha bu taʼsirdan chiqmay turdi. Matnazar ogʻaning qoʻllaridan sheʼrni oldim-u, xazina topganday boʻldim.
Hammamizga ustoz avvalo ota-onamiz, soʻngra oʻqituvchimiz. Shularning haqqi-hurmati “Ustozga ehtirom” deb atalgan xotira maydoni ochsak. Xiyobon ichida shu sheʼr qahramoniga atab haykal oʻrnatsak, degan taklifni oʻrtaga tashladim. Bu tashabbus Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovga ham maʼqul keldi. 2002 yilgacha bir changalzor yerni hashar yoʻli bilan obod qilib, yoshlar xiyoboniga aylantirdik. Siz koʻrgan haykal oʻsha yerda qad rostladi.
Yaxshi eslayman. Xiyobonning ochilish marosimiga tashrif buyurgan Abdulla Oripov yigʻilganlarga qarata: – Men shuncha yurt kezib, muallimga, sheʼrga qoʻyilgan haykalni Ellikqalʼada – “Boʻston”da koʻrdim, – degan edi.
Shundan buyon ushbu xotira maydoniga tez-tez tashrif buyurilib, haykal poyiga gullar qoʻyiladi.
Bu voqeaga ham 16 yil boʻlibdi. “Darsdan soʻng…” sheʼri haqiqiy maʼnodagi tarbiyachi. Uni oʻqigan, undagi qahramonlik va fojiani his qilgan kishining nafaqat sheʼriyatga, ustozlarga ham hurmati, mehri oshadi.
…Koʻnglim togʻday koʻtarildi. Mamlakatimizda, xususan, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ustoz va murabbiylarga koʻrsatilayotgan ehtiromdan gʻururlandim. Asli har birimizning xizmatimiz darsdan soʻng boshlanadi. Hayot, shubhasiz, muallim – oʻqitaveradi, oʻqitaveradi. Eng muhimi, biz unda qanday tahsil oldik, uy vazifalarini vaqtida bajardikmi, muallimga topshira oldikmi? Hamma gap shunda…

 

Bobur Elmurodov, OʻzA