Prezidentimizning 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ qaroriga muvofiq har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladi.
Qarorda “Taraqqiyot strategiyasi” markaziga tanlov oʻtkazilishi ustidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirish va uni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, tanlov yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarning davlat, rus va ingliz tillarida tayyorlanishi va eʼlon qilinishini, shuningdek, keng tarqatilishini taʼminlash tavsiya etilgan.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi mazkur tanlov oʻtkazilishida jamoatchilik monitoringini shakllantirish, tanlovning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Unga koʻra, tanlov nominatsiyalari boʻyicha komissiya yigʻilishlarida jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Tanlovning har bir bosqichi yakuni boʻyicha tanlov komissiyalari ishtirokida brifinglar oʻtkaziladi, hisobotlar doimiy eʼlon qilib boriladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tanlovni tashkil qilish va oʻtkazish jarayonlarining muntazam ravishda televideniye, radio, internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishini tashkil etadi. Tanlov gʻoliblarning qanday lavozimga tayinlangani toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida va tanlov veb-portalida eʼlon qilinadi.
I.Ahatova, OʻzA