Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida “Yoshlar tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan qisqa metrajli filmlar va videoroliklar”, “Izhor” milliy ruhdagi sheʼr va hikoyalar, “Yosh qoʻshiq ijrochilari” respublika tanlovlari gʻoliblarini tantanali taqdirlash hamda “Yoshlar kutubxonasi” loyihasining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining oʻrinbosari D.Kattaxonova va boshqalar yurtimizda yoshlarning ijodiy salohiyatini kashf etishga oid koʻplab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan “Izhor” milliy ruhdagi sheʼrlar va hikoyalar tanlovi ulardan biridir. Tanlovga ijodkorlarning 400 ga yaqin sheʼr va hikoyalari taqdim etildi. Ekspertlar xulosasiga koʻra, 10 nafar ishtirokchi gʻolib deb topildi.

“Yoshlar tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan qisqa metrajli filmlar va videroliklar tanlovi” Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Yoshlar media markazi hamkorligida tashkil etildi. Tanlov uchun 30 yoshgacha boʻlgan 130 nafardan ortiq professional va havaskor yoshlar ijtimoiy rolik, qisqa metrajli film va adabiy-badiiy ssenariylar taqdim etdi.

“Yosh qoʻshiq ijrochilari” festivali 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida mumtoz, estrada, akademik ijro, baxshichilik. yoʻnalishlarida oʻtkazildi. Tanlovning mahalliy saralash bosqichlariga 250 ming nafar yosh qamrab olindi. Bu tanlovning mutlaq gʻoliblari Prezident sovgʻasi – pul mukofoti bilan taqdirlandi.

“Yoshlar kutubxonasi” loyihasi doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy taʼlim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatilishi belgilangan. Shu bilan birga 2018-2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitoblar roʻyxati shakllantirildi. Jumladan, jahon adabiyotiga oid 65 dona, oʻzbek adabiyotida doir 135 dona nodir asarlar chop etilishi maʼlum qilindi.

 

N.Usmonova, OʻzA